O‘zbekiston Yevroosiyo materikining markaziy qismida, dengiz va okeanlardan ancha uzoqda joylashgan. U janub va sharq tomondan baland tog‘lar bilan o‘ralgan. Yozda kuchli quyosh nuri ta’sirida qizib ketgan cho‘llar ustida tropik to‘zon havo massasi shakllanadi. Havoning o‘rtacha harorati 30 daraja atrofidani tashkil qilsa, eng yuqori ko‘rsatkich 50 darajadan oshadi. Hozirgi vaqtda tubdan yaxshilanishi shart bo‘lgan yaylovlar qariyb 10 mln. gektar bo‘lsa, ko‘chma qumlar 1 mln gektarni tashkil etadi, shundan 200 ming gektari so‘nggi vaqtlarda sug‘oriladigan maydonlar atrofida paydo bo‘lgan.
Prezidentimizning 2019 yil 30 oktyabrdagi farmoni bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlangan. Ushbu konsepsiyada yerlarning cho‘llanish va degradasiya darajasini kamaytirish, yer maydonlarining sifati va unumdorligini qayta tiklashga alohida e’tibor qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 oktyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida 2021 yil davomida cho‘llanishni oldini olish, eroziyaga qarshi kurashish maqsadida o‘rmonlarni qayta tiklash va himoya o‘rmonlarini ko‘paytirish tadbirlari o‘rmon fondi yerlarida jami 620 ming gektardan ortiq maydonda amalga oshirildi. Shu jumladan, Orol dengizining suvi qurigan hududida ushbu tadbirlar 458 ming gektarda, Orolbo‘yi mintaqasiga kiruvchi Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlari hududlarida 148,5 ming gektarda amalga oshirildi. Shuningdek, o‘rmon fondining tog‘ va tog‘oldi hududlarida jami 9.6 ming gektar maydonda yong‘oqmevali daraxtlar plantasiyalari tashkil etildi.
Yerlarning cho‘lga aylanishini oldini olishda saksovulzorlar va boshqa cho‘l o‘simliklarini ekib ko‘paytirishni ahamiyati nihoyatda katta. Soha mutaxassislari va olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra Orolbo‘yi hududida barpo etilgan 2 yoshli saksovulzorda shamol ta’sirida qum ko‘chishi 20 foiz,
5 yoshli saksovulzorda 80 foiz va 7 yoshli saksovulzorda to‘liq to‘xtatiladi. Natijada, Orolbo‘yi mintaqasida iqlim mo‘tadillashadi, qum-changlarni havoga ko‘tarilishi kamayadi. Inson yashashi uchun ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorligi ta’minlanadi.
O‘rmon xo‘jaliklarida cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashishda innovasion g‘oyalarga asoslangan loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Hususan, barxan va tekis qumliklarda o‘rmonzorlar barpo etishda kichik aviasiya (AN-2 samolyoti va deltaplan) yordamida saksovul urug‘lari qanotsizlantirilib hamda qanotsizlantirilgan urug‘larni biostimulyator-lar bilan granulla shakliga keltirib ekish ishlari ana shunday loyihalar sirasiga kiradi.
Deltaplan bilan ekilganda urug‘ sochilgan maydon kengligi 20-30 metr va ular oralig‘idagi masofa 50-70 metrdan iborat bo‘ldi. Urug‘larni atrofga uchib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ushbu usulning an’anaviy o‘rmon barpo etishga nisbatan afzalligi, ish unumdorligini yuqoriligida. Agar traktor bilan kuniga 40-50 gektar urug‘ ekiladigan bo‘lsa, kichik aviasiya bilan shu ishni 1000-1500 gektarda amalga oshirish mumkin. Ushbu usul dastlab, 2014 yilda Shofirkon davlat o‘rmon xo‘jaligida 300 gektar maydonda sinovdan o‘tkazilgan bo‘lib, 2018 yilda ekilgan urug‘larning ko‘karuvchanligi 50% dan yuqori bo‘ldi va balandligi 1,5-2 metrni tashkil etdi.
O‘rmon barpo etishning yana bir yangi innovasion usullaridan biri Orol dengizning qurigan tubida 40 sm chuqurlikda qum to‘playdigan jo‘yaklar olish va shundan so‘ng maxsus qurilma bilan yana chuqurlashtirishdan iborat. Agar mazkur ishlar kuzda bajarilsa, jo‘yaklar 2-3 oyda qumga to‘ladi. Keyin unga 1 yoshli saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini nihollarini ekish mumkin.
O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti olimlari olib borgan tajribaga ko‘ra qum to‘playdigan jo‘yaklar qumga to‘lgandan keyin ekilgan nihollarni ikkinchi yilda ko‘karishi 85 foizni tashkil etdi. Lekin ariq ochmasdan tekis yerda ekilganda 12 foiz bo‘ldi. Bunga sabab, qum to‘playdigan ariqlarda namlik, tekis yerlarga nisbatan ko‘p saqlanadi. Shu usulda o‘rmon barpo etish cho‘l hududlarida juda qo‘l keladi.

Mazkur usulning samaradorligini e’tiborga olib, Orol dengizining qurigan hududlarida 2019 yilda 1126 ming gektarda, 2020 yilda 166 ming gektarda qum to‘playdigan ariqlarni tayyorlash ishlari amalga oshirildi va 2020-2021 yillarda bosqichma-bosqich ko‘chat ekish va urug‘ sepish tadbirlari olib borildi. Bu boradagi ishlar 2022 yil va undan keyingi yillarda ham davom ettiriladi.
Qishloq xo‘jaligiga qarashli sug‘oriladigan yerlarni shamol va suv eroziyalaridan himoyalash maqsadida 2,5 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etildi. Shuningdek, Nukus, Xiva, Urganch va Buxoro shaharlari atrofida qum ko‘chishini oldini olish, qum bo‘ronlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida jami 30 kilometr masofada “yashil belbog‘” tashkil etildi.
Bundan tashqari, joriy yilning 2 noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish va mazkur loyiha doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilandi. Bundan ko‘zlangan maqsad shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududini hozirgi 8 foizdan
30 foizga yetkazishdir. Ushbu masala bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining
15 noyabrdagi 694-F sonli farmoyishi qabul qilindi. Ushbu farmoyishga ko‘ra 2021 yilning kuzida 75 mln tup ko‘chat ekish belgilangan bo‘lib, amalda topshiriq to‘liq bajarildi. 2022 yilning bahorgi mavsumida ko‘chat ekish tadbirlari davom ettiriladi.
Yuqorida qayd etilgan o‘rmon barpo etish tadbirlari hamda ko‘chatxonalar tashkil etish uchun o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2021 yil davomida jami 2,1 ming tonnadan ortiq har xil turdagi manzarali, mevali daraxt-butalar urug‘lari tayyorlandi. Ko‘chatxonalarda jami 100 mln tupdan ortiq nihol va ko‘chatlar yetishtirilishi ta’minlandi.
Shu o‘rinda tadbiq etilayotgan innovasion g‘oyalardan yana biri o‘rmon fondi yerlarida hamda aholi yashash hududlari atroflarini ko‘kalamzorlashtirish ehtiyojlari uchun zarur bulgan ko‘chatlarni yetkazib berish maqsadida har bir o‘rmon xo‘jaliklarida intensiv ko‘chatxonalar tashkil etish g‘oyasidir. Bunda daraxt va butalarning urug‘lari maxsus 1 x 5 metr o‘lchamli bir nechta kichik-kichik maydonchalarda yerni qazib drenaj bo‘lishi uchun tosh, undan keyin yuvilgan daryo qumi, tuproq va gumuslarni aralashtirib urug‘larni sepish orqali intensiv ravishda pol ya’ni lizimetr usulida nihollarni undirib olish texnologiyasidan foylanishdir.

Bunda resurslar ancha tejaladi, chunki nihollarni ushbu usulda yetishtirishda ortiqcha yer maydonlari talab etilmaydi, yerlarni texnika bilan haydash, gektarlab sug‘orish, ishlov berish kabi ishlar hajmi keskiy kamayadi. Yetishtirilgan nihollar maxsus haydalib tayyorlangan maydonlarga niholxonadan olinib, ko‘chat qilib tarbiyalash uchun alohida maydonlarga o‘tkaziladi va parvarishlash ishlari olib boriladi.
Shuningdek, Orol dengizining kuchli sho‘rlagan maydonlarida birinchi marta qoraburoq o‘simligi urug‘idan ekilib samarali natijalar olindi, qolaversa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va boshqa viloyatlarining cho‘l sharoitlarida birinchi marta lavanda, godji kabi dorivor o‘simliklarni ekish va sanoatlashgan pavloniya plantasiyalarini tashkil etish bo‘yicha ilk ishlar boshlandi.
Hammamizga ma’lumki keyingi yillarda Respublikamizda ekologik muhit buzilib, tez-tez kuchli shamol va qum buronlari kuzatilmoqda. Jumladan, 2021 yilning 4-6 noyabr kunlari Toshkentda kuzatilgan chang va qum bo‘roni – bu yerda so‘nggi 150 yil davomida olib borilgan ob-havo kuzatuvlari tarixida qayd etilmagan. Ko‘ruvchanlik 200 metrgacha xiralashib, atmosferadagi namlik kamaygan. Bunday noxush holatni oldini olish “O‘zbekistonda chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashish va salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi” ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil 11 yanvarda 03/1-1233-son bilan tasdiqlandi.
Ushbu xujjatda qum va chang bo‘ronlari masalalarini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish; qum-chang bo‘ronlarini BMTning tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish reyestriga kiritish; “Tuproqlar va ular unumdorligini muhofazalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish; O‘zbekiston Respublikasining “Yaylovlar to‘g‘risida” qonunni 6-moddasi va qonun osti hujjatlariga qum-chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish uchun qo‘shimchalar kiritish hamda yaylovlar mahsuldorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish; yerdan samarali foydalanishda iqtisodiy manfaatdorlik mexanizmlarini takomillashtirish kabi yana bir qator tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
Bundan tashqari, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha halqaro tashkilotlar (BMT TD, YUNEP, FAO, JB, GEJ, YeIB va boshqalar) hamda Turkiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Xitoy, Isroil kabi mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Hususan, 2021 yilning 12-15 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasining O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi boshchiligidagi
6 ta o‘rmonshunos olim va mutaxassislardan iborat delegasiya a’zolari Orolning qurigan hududi Qozog‘iston tomonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qozog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdilar va ushbu mintaqada o‘rmonlashtirilgan yagona yaxlit tizimni tashkil etish va Orol fojiasini hamkorlikda to‘liq bartaraf etish bo‘yicha memorandum imzoladilar.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutaxassislari Yevropa Investision Banki hodimlari bilan “Janubiy Orol dengizi havzasidagi yerlarni tiklashga investisiya loyihasi” ni amalga oshirish (40 mln. yevro) masalasi bo‘yicha 2021 yilning 3 avgust va 13 sentyabr kunlari muhokamalar olib bordilar, hamda 15-19 noyabr kunlari Klotild Reno – Fransiyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi, Fransiyaning Toshkentdagi rivojlanish agentligi vakolatxonasining YeIB loyihalar mutaxassislarining – guruh rahbari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi hamda YeIB ekspertlari joyiga chiqib loyiha doirasida amalga oshiriladigan hududlarni o‘rganib chiqdilar. Ushbu loyiha doirasida 17,5 ming gektar degradasiyaga uchragan yerlarni foydalanishga yaroqli holga keltirish nazarda tutilgan bo‘lib, 19 noyabr kuni ZOOM orqali yakuniy muhokamalar o‘tkazildi hamda 2022 yilning
1V choragidan loyihani amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, 2021 yil 5 noyabrda BMT TD,/GEJ va Ekologiya qo‘mitasi hamkorligida “Orol dengizi xavzasidagi barqaror va yer degradasiyasiga qarshi neytral landshaftlarning asosi sifatida ko‘llar, botqoq yerlar va qirg‘oqbo‘yi yo‘laklarini saqlash va barqaror boshqarish orqali barqaror hayotni qo‘llab-quvvatlash” loyihasining kirish seminari bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha doirasida pilot tumanlar sifatida Mo‘ynoq, Qipchoq, Qorako‘l va Olot tumanlari tanlab olingan bo‘lib, loyiha doirasida 10 ming gektar to‘qaylarini, 90 ming gektar cho‘l yaylovlarini boshqaruv rejalarini ishlab chiqish hamda 1,5 ming gektar degradasiya uchragan yerlarni tiklash tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
19 noyabrda Koreya qishloq xo‘jaligi iqtisodi institutining ekspertlari bilan Toshkent viloyatida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha “yangi yashil hududlarni kuchaytirish” bo‘yicha loyihasini amalga oshirish konsepsiyasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad ko‘kalamzorlashtirish ehtiyojlari uchun zamonaviy “Smart ko‘chatxona” tashkil etish. Ushbu ko‘chatxonaga yoshlarni va ayollarni jalb etish va ularni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishga o‘rgatish, ularni malakalarini oshirish va tarbiyalash ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirish muddati 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 7 mln dollar ajratilishi va O‘rmon xo‘jaligi ITI ning moddiy texnika bazasini kuchaytirish nazarda tutilgan.
16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Isroil davlatidagi elchixonasi tomonidan Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi bosh direktori o‘rinbosari Yu.Laster hamda Iyerusalimdagi “Yevrey milliy jamg‘armasi” vakillari bilan o‘rmonchilikka doir onlayn uchrashuvlar o‘tkazildi. Onlayn uchrashuv natijalari bo‘yicha Iyerusalimdagi “Yevrey milliy jamg‘armasi” ga Isroil davlati tajribasi asosida hamkorlikda O‘zbekistonning cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar barpo etish texnologiyasini tadbiq etishga doir loyihalarni ishlab chiqishga kelishildi.
O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida Jahon Banki bilan “O‘zbekistonda o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida 153 mln. dollar miqdoridagi resurslarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu loyiha doirasida Texnik iqtisodiy asos tayyorlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 dekabrdagi
PQ-4922-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 2021 yil 10 iyul-dagi 104-sonli bayoni ilovasidagi “Yo‘l xaritasi” ning 18-bandiga asosan BMTning oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda xalqaro tashkilotlar ko‘magida joriy yilning 2-3 dekabr kunlari “Markaziy Osiyo cho‘llarini asrash va barqaror boshqarish” mavzusida Toshkent shahrida halqaro konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada tadqiqotchilar, ilmiy dargohlar vakillari jami 200 dan ortiq ekspertlar oflayn va onlayn rejimda ishtirok etdilar. Konferensiyada moʻtadil cho‘l hududlarini rivojlantirish va saqlash imkoniyatlari muhokama qilindi, shuningdek yerlarni barqaror boshqarish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar haqida xabardorlik oshirildi, moʻtadil cho‘l hududlari ekotizimlarida bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha bilimlarni tarqatish uchun yaxshi platformaga aylandi. Bundan tashqari ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda cho‘llar bo‘yicha Markaziy Osiyo tashabbusi – CADI ning mintaqaviy kotibiyatini tashkil etish bo‘yicha Nizom loyihasi ishlab chiqilib, Turkmaniston va Qozog‘iston tomonlari bilan kelishildi.
Bizning maqsadimiz cho‘l va yarim cho‘llarda iqtisodiy foyda keltiradigan o‘simlik turlarini aniqlash yer resurslarini boshqarishning barqaror usullarini sinovdan o‘tkazish, aholining yaylovlardan oqilona foydalanishini yanada oshirish orqali ekotizim barqarorligini ta’minlashdir. Albatta bu ishlar ilm orqali bo‘ladi. Shu sababli ilmni yanada rivojlantirishimiz kerak. Bu Prezidentimizning siyosati. Hech narsani tavakkalchilik bilan qilib bo‘lmaydi. Ilmsiz rivojlanish ham bo‘lmaydi Shuning uchun ilmiy tadqiqot institutlari olimlari bilan hamkorlikda ishlashimiz kerak. Har bir yo‘nalishni ilm bilan birga olib borilsa, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erisha olamiz.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi,
Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi
kurashish bo‘limi bosh mutahassisi,
biologiya fanlari nomzodi Xojimurot Talipov