Bugun O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gʻolibjon Qurbonov respublika o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari va taalluqli sohaviy xizmat rahbarlari, soha mas’ullari ishtirokida “ZOOM” platformasi orqali muhokama yig‘ilishi o‘tkazdi.
Dastlab Gʻolibjon Qurbonov yig‘ilish ishtirokchilarini Davlat dasturiga asosan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida ihota daraxtzorlarini barpo etishda olib borilayotgan ishlar tahlili bilan tanishtirib, ularning kelgusidagi vazifalari haqida gapirdi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala – o‘rmon fondi yerlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va barpo etilgan yangi o‘rmonzorlarni o‘rmonli yerlar turiga o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar natijalari, ihota daraxtzorlari barpo etish borasidagi berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishlarda tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan Toshkent viloyati o‘rmon xo‘jaliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi tuzilmasi va viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari, Jizzax ixtisoslashgan o‘rmon ov xo‘jaliklari va boshqa o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari qattiq ogohlantirildi va ish samaradorligini oshirish hamda natijadorlikka erishish bo‘yicha manzilli topshiriqlar berildi.
Navbatdagi masala yuzasidan so‘z yuritgan rais o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-43-son qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar e’tiborga olinib, ish samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda har bir masala yuzasidan respublika o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari boshliqlariga aniq va manzilli ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.