“Shifobaxsh” ilmiy-ishlab chiqarish markazi mustaqillik yillarida

O‘tgan asrning 70 yillarida, sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi tasarrufida Dorivor o‘simliklar boshqarmasi tashkil qilindi. Mazkur boshqarma asosan respublika O‘rmon xo‘jaliklarida tabiiy holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar xom ashyosini tayyorlab, farmatsevtika zavodlari va dorixonalarga yetkazib berish bilan shug‘ullanib keldi.
O‘sha davrlarda, o‘rmon xo‘jaliklari farmatsevtika sanoati korxonalari ehtiyojidan kelib chiqib, O‘rmon fondi yerlarida mavjud bo‘lgan, yovvoyi holda o‘suvchi na’matak, zag‘oza, afsonak, omonqora kabi boshqa bir necha xil dorivor o‘simliklar xom ashyosidan tayyorlab farmatsevtika zavodlariga qayta ishlash uchun topshirar edi.
Shuni ta’kidlash joyiz kim, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda dorivor o‘simliklar boshqarmasi xodimlari tomonidan yovvoyi dorivor o‘simliklardan oqilona foydalanish, ularni tabiiy zaxiralarini kamayib ketishini oldini olish maqsadida joylarda maydonlarga bo‘lib navbatma-navbat, terishni tashkil qilinishiga qaramasdan, har yili bu o‘simliklarni uzluksiz tayyorlash natijasida ularni tabiiy zaxiralari so‘zsiz qisqarib borar edi. Hamma joylarda dorivor o‘simliklarni tayyorlovchilar, o‘sha o‘simlikning biologik xususiyatlarini to‘liq bilmas va natijada u yoki bu dorivor o‘simliklarning tabiiy zaxiralari kamayib borardi. Chunki o‘rmon xo‘jaligi xodimlaridan tashqari dorivor o‘simliklar tayyorlash bilan bir necha tashkilotlar, chunonchi sog‘liqni saqlash dorixonalari xodimlari, matlubot savdo tashkilotlarini tayyorlash idoralari shug‘ullanardi. Bunday holat, tabiiyki, dorivor o‘simliklarni tabiatda yo‘qolib borishga olib kelardi.
Yuqoridagi holatlarni hisobga olib respublikamiz mustaqilligini ilk davrida 1991 yil 31 dekabrida Vazirlar Mahkamasining 271-farmoyishiga asosan O‘rmon xo‘jaligi tizimida, dorivor o‘simliklar boshqarmasi negizida “Shifobaxsh” ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. Bundan maqsad mustaqil respublikamizda dorivor o‘simliklar dehqonchiligini rivojlantirish, tabiatdan iloji boricha kamroq yovvoyi o‘simliklarni tayyorlash, ko‘proq ularni ekib o‘stirib, farmatsevtika sanoati va sog‘liqni saqlash korxonalari ehtiyojlari uchun dorivor o‘simliklar xomashyosi bazasini yaratishdan iborat edi.
Dorivor o‘simliklarni ekib o‘stirar ekanmiz, birinchi navbatda ularni tur sifatida tabiatda yo‘qolib borishdan asraymiz, ikkinchidan, bizning tabiatimizda tabobat amaliyotida ishlatiladigan barcha dorivor o‘simliklar mavjud emas, o‘shalarni respublikamizdan tashqari davlatlardan olib kelib iqlimlashtirib va madaniylashtirib ekib o‘stirishimiz lozim. Shu maqsadda mustaqil respublikamizda 6 ta ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi tashkil etildi va hozirgi vaqtda dorivor o‘simliklarni ekib o‘stirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bular Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida Y.Oxunboboyev nomidagi, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi “Yakkabog‘”, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Hisor”, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida A.Navoiy nomidagi, Namangan viloyati Pop tumanidan Abu Ali ibn Sino nomidagi hamda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida “Toshoxur” davlat o‘rmon xo‘jaliklari hisoblanadi, bundan tashqari dorivor o‘simliklar tayyorlash va ularni yetishtirish bilan 18 ta davlat o‘rmon xo‘jaliklari muntazam ravishda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mustaqil davlatlar hamdo‘stligi orasida faqat bizning Respublikamizda dorivor o‘simliklarni ekib o‘stirish va tayyorlashga ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari va “Shifobaxsh” ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etilgan, bu ham bo‘lsa Respublikamiz rahbariyati tomonidan dorivor o‘simliklar dehqonchiligini yanada rivojlantirishga bo‘lgan e’tiborning isbotidir.
Agarda, mustaqillikga erishgunga qadar respublikamiz bo‘yicha har yili 100-150 tonnagacha 5-6 turdagi tabiiy holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar xom ashyosi tayyorlangan bo‘lsa, mustaqillikga erishgandan so‘ng yiliga 300 tonnadan ziyod dorivor o‘simliklar xom ashyosi tayyorlanmoqda, tayyorlanayotgan dorivor o‘simliklar xomashyosi miqdorining 80% madaniylashtirilgan dorivor o‘simliklar zimmasiga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda 22 turdagi dorivor o‘simliklar – tirnoqgul, moychechak, na’matak, pol-pola,bo‘ymodaron, arslonquyruq, makkai sano, dalachoy, valeriana, eman, tuxumak, na’matak, totum, exinatsiya va boshqa bir qanchalari ekilmoqda.
Dorivor o‘simliklardan ekin maydonlari kengayib bormoqda, har yili 100-150 gektardan ziyod maydonga bir va ko‘p yillik dorivor o‘simliklar turlari ekib yetishtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2007 yil 7-sentyabr №186 sonli “Yapon saforasi” va “kashtan” daraxt ko‘chatlarini ekishni ko‘paytirish choralari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaliklarida mazkur daraxtlardan urug‘lar tayyorlanib niholxonalar tashkil qilindi va yetishtirilgan ko‘chatlardan yangi o‘rmanzorlar barpo qilinmoqda.
Yapon saforasi va kashtan o‘rmon hosil qiluvchi manzarali daraxtlar sirasiga kirishlari bilan bir qatorda dori-darmon beruvchi shifobaxsh o‘simliklardan hisoblanadi. Yapon saforasi mevasi va gulg‘unchasidan R-vitamanlik fa’ollikka ega bo‘lgan dori vositalari hamda kashtan mevasidan esa vena qontomirlari kengayishi (varikoz) kasalliklarini davolovchi “Eskuzan” dorisi tayyorlanadi.
Respublikamizda yagona bo‘lgan Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan “Toshoxur” ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligida teri-charm sanoati uchun zarur bo‘lgan oshlovchi modda beruvchi Totum (sumax) o‘simligi ekib o‘stirilmoqda. Hozirgi vaqtda 250 gektardan ziyod totumzorlar tashkil qilinib, har yili “Tarandubitel” zavodiga 90 tonnadan ziyod totum barglari yetkazib berilmoqda va undan olingan oshlovchi ekstrakt moddalari teri oshlashda hamda neft-gaz sanoatida burg‘ulashda ishlatilmoqda.
“Shifobaxsh” ilmiy-ishlab chiqarish markazi ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaliklarida Respublika Qizil kitobiga kiritilgan Anzur piyozi, Omonqora kabi noyob dorivor o‘simliklarini ekib ko‘paytirilmoqda.
Markaz tasarrufida ikkita dorivor o‘simliklarni birlamchi qayta ishlab qadoqlaydigan kichik korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, bular Abu Ali ibn Sino va Y.Oxunboboyev nomidagi ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligidagi sexlardir. Bu korxonalarda yiliga 100-120 ming dona 12 turdagi tayyor ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarilib iste’molchilarga yetkazib berilmoqda, iste’molchilar asosan, “O‘zfarmsanoat” konsern korxonalari, farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalari, kichik korxonalar va dorixonalar hisoblanadi. Mazkur iste’molchilar bilan asosan o‘zaro tuzilgan shartnomalar asosida ish olib borilmoqda.
“Shifobaxsh” ilmiy-ishlab chiqarish markazida ishlab chiqarish bilan bir qatorda ilmiy bo‘lim ham faoliyat ko‘rsatmoqda. “Shifobaxsh” ilmiy-ishlab chiqarish markazining ilmiy yo‘nalishi asosan Respublikamizning turli iqlim va tuproq sharoitlariga mos keladigan dorivor o‘simlik turlarini tanlash, o‘stirish agrotexnik chora tadbirlarini ilmiy asoslarini ishlab chiqish va ularning dehqonchiligini rivajlantirishga bag‘ishlangan. Shu maqsadda Markaz, Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari va Oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Dorivor o‘simliklar dehqonchiligiga oid fundamental, amaliy va inovatsion loyihalar tuzib konkurslarda ishtirok etib kelmoqda.
Chet el firmalari bilan qo‘shma korxonalar tuzish, investitsiyalarni jalb qilish maqsadida yangidan yangi loyihalar tuzish ustida ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda.
Hulosa qilib aytganda, respublikamiz O‘rmon xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi sohasida yangi yo‘nalish bo‘lgan dorivor o‘simliklar dehqonchiligi “Shifobaxsh” ilmiy-ishlab chiqarish markazining ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaliklarida muntazam ravishda rivojlanib bormoqda. Bu esa kelajakda nafaqat farmatsevtika sanoatini, balki oziq-ovqat, yengil va parfyumeriya sanoati korxonalarini shifobaxsh o‘simliklar xom ashyosi bilan muntazam ravishda ta’minlash kafolatini beradi.

M.Allayarov

Toshkentda ob-havo

Harorat: 24°

Namlik 57% Shamol 5.01 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (0)