O‘zbekistonda kovrak o‘simligini muhofaza qilish va ko‘paytirish imkoniyatlari.

Tabobatda tarkibida kishi organizmiga ijobiy ta’sir etuvchi, biologik fa’ol moddasi mavjud bo‘lgan o‘simliklar organlari ishlatiladi. Odatda dorivor mahsulotlar sifatida o‘simliklarning ildizi, bargi, po‘stlog‘i, guli, mevasi va boshqa qismlaridan foydalaniladi. Biz fikr yuritmoqchi bo‘lgan kovrak (ferula) o‘simligining asosan yelimi-ildizidan olinadigan smolasi-shirasi tibbiyotda ishlatiladi.
Kovrak (Ferula) turkumi selderdoshlar (soyabonguldoshlar)-Apiaceae (Umbliferae) oilasiga mansub bo‘lib ko‘p yillik o‘t o‘simliklardan iborat. Kovrakning yer yuzida 160 dan ziyod turlari, O‘rta Osiyo respublikalarida 104 turi, O‘zbekistonda esa 50 dan ziyod turlari uchraydi. Mahalliy aholi kovrak turkumining har xil turlariga qarab sassiq kovrak, rova, ravshak, kamol, mo‘rcha kamol va boshqa nomlar bilan atashadi.
Smola-yelim olish uchun asosan 10 turi ishlatiladi, bular sassiq kovrak, rova, kuhiston kavragi va boshqa nomdagi kovraklar hisoblanadi, bu turlar, tashqi marfologik jihatdan bir-birlariga juda ham o‘xshab ketadi, ammo tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foetida) keng tarqalgan bo‘lib, respublikamizda tayyorlanib iste’molchilarga yetkazib berilayotgan smola-yelim asosan shu turdan olinadi.
Kovrakning bo‘yi 1.5-2 metrgacha yetadi, ildizi yo‘g‘on 15-20 smgacha yetadi, lavlagisimon chuqur joylashgan. O‘simlik poyasi 8-9 yilda bir marotaba o‘sib chiqadi va gullaydi-monokarp. Poyasi tik o‘suvchi, yo‘g‘on, ichi kovak yuqori qismi shoxlangan. Ildizoldi barglari bandli, uch marta ajralgan. Barg bo‘laklari cho‘zinchoq, yoki lansetsimon.Poyadagi barglari maydaroq, tashqi tomoni juda ko‘p tuklar bilan qoplangan bo‘lib, poyada qini bilan ketma-ket o‘rnashgan. Gullari murakkab soyabonga to‘plangan. Guli och sariq, kosachasiz, tojbargi 5 ta, otaligi 5 ta, onalik tuguni ikki xonali, pastda joylashgan. Mevasi ikki bo‘lakli donacha.
Mart-aprel oylarida gullaydi, mevasi aprel-mayda pishib yetiladi.O‘simlikning yer ustki qismlari o‘sish muhiti va ob-havo sharoitiga qarab 1.5-2 oy yashaydi.
Kovrak turkumiga mansub turlar Kavkaz, O‘rta Osiyo respublikalari, G‘arbiy Sibirda, O‘rta yerdengizi mintaqalarida, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Xitoy hamda Hindistonda keng tarqalgan.Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro hamda Qoraqalpog‘iston respublikasi hududlarida qumli cho‘llar, adirlar, tog‘lar va tog‘oldi yalangliqlarda, sof tuproqli yerlarda o‘sadi.
Tibbiyotda ishlatiladigan yelim-smola tarkibi efir moylari, unga sarimsoq hidi beruvchi organik sulfidlar, pinen, kumarinlar va boshqa birikmalardan tashkil topgan.
Kovrakning yelim-smolasi halq tabobatida tomir tortishi, o‘pka sili, o‘lat, zaxm, ko‘k yo‘tal, tish og‘rig‘i, asab va boshqa kasalliklarni davolash uchun, hamda quvvat beruvchi, balg‘am ko‘chiruvchi va gijja haydovchi dori sifatida qo‘llaniladi.
Kovrakning juda yosh novdalarini yanchib, qatiqga qorib xavfli shishlar va zaxmga davo qilinadi. Yelim-smolaning spirtli tindirmasi (nastoykasi), emulsya va hapdori holida astma, tomir tortishi va asab kasalliklarida ishlatiladi. Ilmiy meditsinada kovrak yelim-smolasi- “assa foyetida” nomi bilan kukun, emulsiya va spirtli tindirma (nastoyka) hamda og‘riq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi va ko‘pgina davlatlar farmakopeyasiga kiritilgan. Sharq mamlakatlaridan Eron, Pokiston, Hindiston va Afg‘onistonda kovrak yelimi va ildizi kulinariyada ziravor sifatida, kosmetika sanoatida attorlik vositalari ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Kovrak ildizidan smola-yelim olish erta bahordan boshlanib kuzgacha davom etadi, shuning uchun ham smola olish davrlari bahor va yoz fasllariga bo‘linadi. Bahorgi bosqich bu tayyorgarlik ko‘rish davri hisoblanib, bu bosqichda yelim-smola olinadigan maydon belgilanib, kovrakning umumiy zaxirasi aniqlanadi va yelim-smola olinadigan o‘simliklar belgilanib chiqiladi. Kovrak, eslatib o‘tkanimizdek, monokarp o‘simlik bo‘ganligi uchun barcha tupida poyasi bo‘lmaydi, shuning uchun ham o‘simlikni ildizini poya va yer ustki barglardan tozalab, smola olishga tayyorlash lozim. Buning uchun kovrak ildizi atrofini 5-10 sm chuqurlikda va 20-25 sm kenglikda kovlab, ildizining tepa qismi ochiladi. Kovrak ildizini ustki qismi ochilgandan so‘ng, yelim-smola olish uchun kesib qo‘yiladi, 5-6 kun o‘tgandan so‘ng sifatli yelim-smola “Donak” shirasi yig‘iladi, va to‘plangan yelim-smola yig‘ishtirilib olinadi, so‘ng yana yangi joydan kesib qo‘yiladi, mavsum davomida, o‘simlik ildizining katta kichikligiga qarab 15-20 marotaba kesik qilish mumkin. Yelim-smola yig‘ish mavsumi tugagandan so‘ng, har bir tupni ustini tuproq bilan yopib qo‘yish kerak, kelgusida o‘simlik qurib qolmasligi uchun.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, kovrak yelim-smolasi qadimdan Eron, Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonda tayyorlanib, ishlatilib kelinadi. Qo‘shni respublikalar, xususan Tojikistonda bir necha yillardan beri tayyorlanmoqda. Bizning respublikamizda esa kovrak yelimini tayyorlash rasman 2006 yildan boshlandi. Bunda davlat o‘rmon xo‘jaliklari bilan bir qatorda fermer xo‘jaliklari va ayrim xususiy tadbirkorlar fa’oliyat ko‘rsatib kelmoqdalar. Shuni ta’kidlash lozimki, kovrakdan smola-yelimini olish uchun birinchi navbatda kovrakni tabiiy biologik va ekspluatatsion zaxiralarini aniqlab, katta masshtabdagi xaritasini tuzib, ulardan tabiatga zarar yetkazmasdan, o‘simlik tabiiy sharoitda qayta tiklanishiga imkoniyat yaratish kerak, tabiiy maydonlarni uchastkalarga bo‘lib yilma-yil, navbatma-navbat yelim-smola tayyorlashni amalga oshirmoq lozim. Yelim-smola tayyorlashda quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak:
-yelim-smola yetilgan, katta yoshdagi o‘simlik tupidan olish tavsiya etiladi;
-biologik jihatdan yetilmagan 2-3 yoshli o‘simliklardan yelim-smola olish taqiqlanadi;
-har bir 10 m2 maydondagi 5 ta yetilgan o‘simliklardan uchtasidan yelim-smola olish mumkin;
-tayyorlash davrida gullagan o‘simlikdan yelim-smola tayyorlashga yo‘l qo‘ymaslik kerak;
-kovrak o‘simligini kelasi yillarda ko‘paytirish uchun urug‘ olish maqsadida, har bir 400-500 m2 maydonda 2-3 tup gullagan va urug‘ bog‘lagan o‘simliklarni qoldirish maqsadga muvofiqdir.
Kovrakning tabiiy zaxiralarini kamayib ketishini oldini olishning asosiy yo‘llaridan biri bu, kovrak o‘sadigan tabiiy sharoitda ularni ekib ko‘paytirishdan iborat. Buning uchun, yozda pishib yetilgan kovrak urug‘idan tayyorlab, tozalangan urug‘ni kuzda tabiiy sharoitda kovrak o‘sadigan maydonda 5-10 sm chuqurchalar kovlab, har bir chuqurchaga 3-5 dona urug‘ qadab, ustini tuproq bilan yopib chiqish tavsiya qilinadi.
Bunday tavsiya, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, fermerlar va xususiy tadbirkorlar uchun, kovrak o‘simligini biologik xususiyatlaridan kelib chiqgan holda taklif qilinmoqda, zero kovrak, tabiiy sharoitda yetilgan urug‘idan ko‘payib, keng maydonda o‘sib rivojlanadi.
Kelajakda mutaxassislar tomonidan kovrakning tabiiy sharoitda bio-ekologik xususiyatlarini o‘rganib, ularni madaniy holda ko‘paytirish va yetishtirish muammosini hal qilish fanimiz oldidagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.

M.Allayorov

Toshkentda ob-havo

Harorat: 24°

Namlik 57% Shamol 5.01 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (0)