Tabiatni asrash yo‘lida

Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonuni 10-, 14- va 16-moddalarining Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ijro etilishi holatini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda deputatlar, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari vakillari, Ekoharakat faollari, yoshlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash va tabiatning noyob hududlarini muhofaza qilishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimiz nabotot va hayvonot olamining ko‘plab turlari, qator tabiat yodgorliklari betakrorligi bilan ajralib turadi. Ushbu tabiat boyliklarini asrash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida qo‘riqxonalar, bog‘lar, ekomarkazlar, biosfera rezervatlaridan iborat alohida muhofaza etiladigan hududlar tizimi barpo etilgan. O‘zbekiston Respublikasining «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Ekologik qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekison Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Oybek Mamarahimov. – Buning natijasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni nazorat qilish, muhofazalash, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha huquqiy asoslar yanada takomillashdi. Jizzax viloyatida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni 207 ming gektardan ziyodni tashkil etadi. Zomin davlat milliy bog‘i, “Zomin” va “Nurota” davlat qo‘riqxonalari, “Arnasoy” davlat ornitologik buyurtma qo‘riqxonasi hamda 27 suvni muhofaza qilish obyekti shular jumlasidandir. Sirdaryo viloyatida esa 20 ming gektarga yaqin muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mavjud. Tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunning 10-, 14- hamda 16-moddalari ijrosi yuzasidan har ikkala viloyatida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilgan.

Tadbirda bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, mazkur qonun ijrosi yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar xususida fikr almashildi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi S.Ismoilov so‘zga chiqdi.

 

A.Qayumov, O‘zA

Toshkentda ob-havo

Harorat: 9°

Namlik 66% Shamol 5.34 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (45)