O`rmon xo`jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialini tashkil etish to`grisida

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI


OʻRMON XOʻJALIGI ILMIY-TADQIQOT INSTITUTINING ANDIJON FILIALINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017 y., 30-son, 742-modda)


Andijon viloyati oʻrmon fondi yerlarining ekologik holatini yaxshilash, qayta tiklash, togʻ oldi va adir yerlaridan unumli foydalanish jumladan, yongʻoq, pista, bodom koʻchatlari hamda dorivor oʻsimliklarni yetishtirishni koʻpaytirish, oʻrmonlarni kengaytirish va ihota oʻrmonlari barpo etishda samarali innovatsion usullarni qoʻllash, oʻsimliklar selektsiyasi va urugʻchiligi boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, oʻrmon xoʻjaligi sohasida kadrlar ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ularni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Fanlar Akademiyasining Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialini (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Filial direktori Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. 
Filial direktori Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
3. Filialning asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
dorivor oʻsimliklar urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish, shuningdek manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirish va yetkazib berish;
oʻrmon fondi yerlarida noyob manzarali va mevali, shu jumladan, yongʻoq, pista, bodom, unabi va limon koʻchatlari hamda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish agrotexnologiyasi boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
oʻrmon xoʻjaliklarida chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik, quyonchilikni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
manzarali oʻsimliklar koʻchatlarini yetishtirishning ilmiy asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
oʻrmon fondi yerlarining ekologik holatini yaxshilash, oʻrmonlarni kengaytirish va qayta tiklash, ihota oʻrmonlari barpo etish boʻyicha samarali innovatsion usullarni ishlab chiqish;
eroziyaga qarshi oʻrmon barpo etishning ilmiy asoslangan texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini tashkil etish, togʻ yonbagʻirlaridagi yerlarda yetishtiriladigan, qurgʻoqchilik, zararkunanda va kasalliklarga chidamli oʻsimliklar selektsiyasi va urugʻchiligi boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
oʻrmon xoʻjaligi sohasi uchun kadrlar ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ularni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
4. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi va respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida ajratiladigan grantlar; 
xoʻjalik faoliyatidan, xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlik tashkilotlarning grantlari, shuningdek homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taʼqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilab qoʻyilsinki, Filial xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi tatbiq etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Filialga bir dona maxsus avtotransport taʼminotiga limit ajratsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda:
Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filiali toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash; 
Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda Filialni zarur mebelь, kompьyuter texnikasi, aloqa vositalari va boshqa moddiy vositalar bilan taʼminlash;
Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Filialni boʻsh turgan bino bilan tekin foydalanish huquqi asosida taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Fan va texnologiyalar agentligi bilan birgalikda zarur zamonaviy laboratoriya jihozlari sotib olish hamda fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun davlat va xalqaro grantlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Andijon davlat oʻrmon xoʻjaligiga belgilangan vazifalarni amalga oshirish jumladan, moddiy texnik bazani rivojlantirish, mineral oʻgʻit va yoqilgʻi moylash materiallari sotib olish hamda aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmagan holda kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
8. Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda zaʼfaron oʻsimligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, uni koʻpaytirish va yetishtirishga ixtisoslashtirilgan “Shafran ilmiy tadqiqot markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanidan 20 gektar va Marhamat tumanidan 20 gektar unumdorligi yuqori, sugʻoriladigan yer maydonlari ajratilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2018 — 2020 yillarda oʻrmonchilik sohasini samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi va grantlar hisobidan yetakchi davlatlar tajribalarini oʻrganishni tashkil qilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2017 yil 26 iyul,
544-son
 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 7°

Namlik 37% Shamol 10.24 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (103)