DORIVOR OʻSIMLIKLAR BILAN YANGI MARKAZ SHUGʻULLANADI

U “Shifobaxsh” dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi negizida Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzurida davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanli:

dorivor oʻsimliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish;
respublika hududidagi yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklar areallarini oʻrganish va zaxiralarini aniqlash, mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalarini tashkil etish;
urugʻlik materiallarini yetishtirish va tayyorlash, koʻpaytirish, kolleksion koʻchatxonalar tashkil etish hamda ularning xomashyolarini qayta ishlash bilan bogʻliq ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish;
dorivor oʻsimliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda madaniy holda yetishtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib, madaniy holda yetishtiriladigan dorivor oʻsimliklarning agrotexnologik xaritalarini Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi buyurtmasiga koʻra ishlab chiqish;
dorivor oʻsimliklar kimyoviy tarkibini oʻrganish, mahsulotini standartlash va sertifikatlash;
dorivor oʻsimliklarga boʻlgan ichki va tashqi bozorlar talabini oʻrganish boʻyicha marketing tadqiqotlarini oʻtkazish;
dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchi fermer xoʻjaliklari, tashkilotlar va boshqa subyektlar rahbarlari va mutaxassislarining malakasini oshirib borishga yoʻnaltirilgan dasturlarni tayyorlash va oʻqitish tizimini tashkil etish.
 

Markaz tashqi va ichki bozor talablari hamda marketing natijalaridan kelib chiqib, har yili 1-iyunga qadar dorivor oʻsimliklar ekinlarini joylashtirish boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligiga va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga takliflar kiritishga haqli. Dorivor oʻsimliklarni toʻplash (gʻamlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berganlik, arizalarni koʻrib chiqqanlik uchun undirilib, mahalliy byudjetga yoʻnaltiriladigan toʻlovlarning 20%i Markaz tomonidan tabiiy holda oʻsuvchi, shu jumladan, yoʻqolib borayotgan dorivor oʻsimliklarni saqlash, xatlovdan oʻtkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik koʻchatzorlarini tashkil etish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun yoʻnaltiriladi.

 

Markaz Davlat byudjeti, Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, xizmat koʻrsatish va oʻzi yetishtirgan dorivor oʻsimliklarni sotishdan tushadigan va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Markazda respublikada ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga qoʻshimcha haq toʻlash tizimi joriy etiladi. Bunda qoʻshimcha haq belgilanishi bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda xoʻjalik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

 

Qaror bilan Markazning tuzilmasi va unga uslubiy va amaliy yordam berish uchun biriktiriladigan muassasalar roʻyxati tasdiqlandi. Markaz Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Darxon qoʻrgʻoni, Chimkent yoʻli koʻchasi, 2-uyda joylashgan Ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kollejining foydalanilmasdan turgan binosiga joylashtiriladi.

 

Namunaviy plantatsiyalar, laboratoriyalar barpo etish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish maqsadida xususiy sektorni jalb etgan holda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari tashkil etiladi. Ularning faoliyati bank kreditlari, tashabbuskorlar mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Gʻallaorol, Kogon hamda Urgut ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaliklari tashkil etiladi. Nukus, Xoʻjayli, Qorakoʻl, Baxmal, Zomin, Kitob, Uzun, Boysun, Burchmulla, Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklarini dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga, Quyi Chirchiq ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaligini dorivor oʻsimliklar urugʻ va koʻchatlarini tayyorlashga ixtisoslashtiriladi.

 

Shuningdek, hujjat bilan:

a) ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshirilgan dorivor oʻsimliklarga doir ilmiy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirsin, shuningdek, ularning tizimli ravishda yangilab borilishini taʼminlash;

b) tibbiyotda va xalq tabobatida faol qoʻllaniladigan dorivor oʻsimliklar kolleksiyasi uchastkasi va genbankini tashkil etish;

v) Markaz huzurida dorivor oʻsimliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini tashkil etish;

g) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

respublika oliy taʼlim muassasalari “Biologiya” yoʻnalishlarining 3 va 4-kurslari tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tarkibidan alohida guruhlarda chuqurlashtirilgan oʻqitish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, barcha qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda mutaxassisliklar klassifikatsiyasini inobatga olgan holda “Dorivor oʻsimliklar yetishtirish agrotexnologiyasi” yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.
 

Elmira Siraziyeva.

Toshkentda ob-havo

Harorat: -2°

Namlik 72% Shamol 1.69 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (0)