O‘rmon xo‘jaliklarining ekologik vaziyatni yaxshilash boradagi ishlari qoniqarlimi?

Joylarda mavjud o‘rmonlarni qo‘riqlash, himoya qilish, iqlim sharoitdan kelib chiqqan holda tog‘, cho‘l, vodiy hududlarida shamol, tuproq eroziyasiga qarshi himoya o‘rmonzorlarini barpo qilish va unga oid tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, mavjud o‘rmonlarni saqlab qolgan holda kelajak avlodga yetkazish, muxtasar aytganda, ekologik vaziyatni yaxshilash va uning salbiy oqibatlarining oldini olish, tabiatni asrab-avaylash bugungi kunda muhim vazifa hisoblanadi.

O‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan yerlarida yangidan o‘rmon barpo etish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya, estetik va ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish, dorivor o‘simliklar va ko‘chatlar yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘rmonlarni rivojlantirish, ko‘paytirish va qayta tiklash boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Davronov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– bugungi kunda asosiy maqsad himoya o‘rmonzorlarini barpo qilishda ekologik vaziyatni yaxshilash va qum ko‘chishining oldini olish maqsadida cho‘l hududlarida o‘rmon barpo qilishdir, – deydi O‘.Davronov. – 2020 yilda ham 68 ming gektar yer maydonida o‘rmon barpo qilish ishlari amalga oshirilgan. Cho‘l hududlarida saksovulzorlar, cherkez, qandim tog‘ va tog‘oldi hududlarida archazorlar, pistazorlar, vodiy va to‘qay hududlarida terak, qayrog‘och, shumtol kabi tez o‘suvchi va mevali daraxt turlari o‘sadi. Bizga ma’lumki, O‘zbekistonda tog‘ hududlari asosan Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda qisman vodiy viloyatlarida joylashgan. Cho‘l hududlarining asosiy qismi Orol bo‘yi mintaqasi hisoblangan va Qizilqum cho‘lidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida joylashgan.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida 22 ming 557 gektar ekin yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 9 ming 704 gektari lalmi yer maydoni va 12 ming 853 gektari sug‘oriladigan ekin yer maydonidan iborat. Ekin yerlarining asosiy qismi suv va yog‘in bilan ta’minlanmagan foydalanishga yaroqsiz yerlardan tashkil topgan.  

Ammo davlatimiz rahbarining 2019 yil 17 iyundagi «Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2019 yil 23 avgustdagi “Respublikada o‘rmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori o‘rmon xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun yo‘l ochib berdi.

2020 yil davomida Orol dengizining suvi qurigan xududlarida 703 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etish tadbirlari amalga oshirildi.  

O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan tayyorlangan har xil turdagi manzarali, mevali daraxt va buta turlarining urug‘laridan hamda yosh nihollardan 2020 yilda jami 80,2 million dona nihol va ko‘chat yetishtirildi. Ko‘chat yetishtirishda ko‘kalamzorlashtirish va ixota daraxtzorlarini barpo qilish ishlari uchun zarur bo‘lgan tut, chinor, qrim qarag‘ayi, eldor qarag‘ayi, pavlovniya kabi ayrim turdagi manzarali-noyob turdagi daraxtlar nihollarini intensiv usulda ko‘paytirish yo‘lga qo‘yildi.

Tashkil etilgan niholxona va ko‘chatxonalarda parvarishlash, jumladan, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish, begona o‘tlardan tozalash kabi agrotexnik tadbirlar olib borish – eng asosiy tadbirlardan biridir. Shuningdek, har yili o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan (o‘rmon barpo qilish, nihol va ko‘chat yetishtirish) daraxt va butalarning urug‘lari tayyorlanadi.

O‘rmon barpo qilish va ko‘chat yetishtirish maqsadlarida 2019-2020 yillarda cho‘l o‘simliklari bilan birgalikda jami 2 ming 900  tonnadan ortiq har xil turdagi daraxt va butalarning urug‘lari tayyorlandi. Tayyorlangan urug‘lar himoya o‘rmonzorlarini barpo qilish, niholxona va ko‘chatxonalar tashkil qilish va boshqa o‘rmonchilik tadbirlari uchun sarflanmoqda.

O‘tgan yilda 531 gektar maydonda pista, bodom, yong‘oq, terak plantatsiyalari va bog‘ barpo etish, 2 ming 731 gektar maydonda dorivor (qizilmiya, namatak) va boshqa ekinlar ekish, 24 gektar maydonda chorvachilik, parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida investitsiyaviy shartnoma hamda davlat xususiy sheriklik asosida yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berilgan.

Urug‘ tayyorlashda ko‘kalamzorlashtirish va ixota daraxtzorlarini barpo qilish ishlari uchun zarur bo‘lgan tut, chinor, qrim qarag‘ayi, eldor qarag‘ayi kabi manzarali ignabargli va yaproqbargli daraxt urug‘lariga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan 2017-2019 yillarda 120,9 ming gektar maydonda o‘rmon fondi yerlarida biologik usulda kasallik va zararkunandalarga qarshi tadbirlar olib borildi. Buning uchun so‘nggi uch yilda o‘rmon xo‘jaliklarida 64 ta biolaboratoriya tashkil etilib, kerakli miqdorda biomahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

2020 yilda 86,9 ming gektar maydonda o‘rmon kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurash ishlari, shu jumladan, 66 ming gektar maydonda biologik usulda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda 96,8 ming gektar maydonda qarshi kurash ishlari olib borildi.  

O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 0°

Namlik 65% Shamol 1.49 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (0)