SOGʻLOM TURMUSH TARZI – SALOMATLIK GAROVI

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi markaziy apparati xodimlari uchun “Sogʻlom turmush tarzi – salomatlik garovi” mavzuida “maʼnaviyat soati” boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent tibbiyot akademiyasining “Bolalar, oʻsmirlar va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasi katta oʻqituvchisi, tibbiyot fanlari nomzodi, diyetolog Hayitov Javohir Bahodirovich oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdi. 
Butun dunyoda COVID-19 koronavirus pandemiyasi avj olgan bir pallada mamlakatimizda sogʻlom turmush tarziga, sportni yanada rivojlantirish masalalariga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kishilardagi yurak qon-tomir, nafas olish yoʻllari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalliklarining oldini olishda avvalo toʻgʻri ovqatlanish hamda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishning ahamiyati katta. 
Buyuk ajdodimiz, tib ilmining sultoni  Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida toʻgʻri ovqatlanish va uning ahamiyati toʻgʻrisida toʻxtalib, “Kimki sogʻlom turmush tarziga erishmoqchi boʻlsa, oʻz sogʻligʻini saqlamoqchi va mustahkamlamoqchi boʻlsa, ovqatlanish tartibiga, isteʼmol qilinayotgan ovqatning sifatiga, miqdoriga, ovqatni isteʼmol qilish vaqti va uning hazm boʻlish jarayoniga asosiy eʼtiborini qaratmogʻi lozim”, deb taʼkidlagan.
Taom insonning hayot faoliyati va oʻsishi uchun muhim boʻlgan quvvat manbaidir. Organizm uchun muhim ozuqa mahsulotlari 6 ta guruhga boʻlinadi: uglevod, oqsil, yogʻ, vitaminlar, mineral elmentlar va suv. Toʻgʻri ovqatlanish – ushbu mahsulotlarni mos va yetarli miqdorda qabul qilish demakdir. Ovqatlanish odamning irsiyati, yoshi, jinsi, jismoniy yuklamasi, yilning iqlimi va fasliga bogʻliq boʻladi. 
Shu aytib oʻtish lozimki, hech bir ovqat oʻz-oʻzidan yaxshi yoki yomon boʻlib qolmaydi. Barcha turdagi ovqat mahsulotlari maʼlum miqdorda ozuqaviy qiymatga egadir. Faqat nima isteʼmol qilayotganimiz emas, balki qancha miqdorda, qachon va qanaqa sharoitda isteʼmol qilayotganimiz ham muhimdir.
Aholining ommaviy jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun Yurtboshimizning bir necha farmonlari, hukumat qarorlari tasdiqlanmoqda. Endilikda har bir fuqaro bir sutka davomida 10000 qadam piyoda yurgani uchun 3000 soʻm va undan ziyodi bilan moddiy ragʻbatlantiriladi. Har bir xodim ish joylarida sport bilan shugʻullanishlari uchun sharoit yaratiladi. Mamlakatimizda idoroalararo sport musobaqalari muntazam tashkillashtirilib, gʻoliblar munosib taqdirlanadi.  Natijada aholining jismonan sogʻlomligi ortib, turli kasalliklarning oldi olinadi. Oʻz salomatligiga befarq boʻlmagan kishi toʻgʻri ovqatlanish va doimiy jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishi zarur.

Toshkentda ob-havo

Harorat: -5°

Namlik 64% Shamol 3.49 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (0)