O’z Res Prezidenti farmoyishi

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT O’RMON QO’MITASINI O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI QISHLOQ VA SUV XO’JALIGI VAZIRLIGI HUZURIDAGI O’RMON XO’JALIGI BOSH BOSHQARMASIGA AYLANTIRISH TO’G’RISIDA

(O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000 y., 2-3-son, 80-modda)
O’rmon xo’jaligi sohasida boshqarish tuzilmasini takomillashtirish, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish va o’rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida:

1. O’zbekiston Respublikasi Davlat o’rmon qo’mitasi O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi O’rmon xo’jaligi bosh boshqarmasiga aylantirilsin.
2. Belgilab qo’yilsinki, O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi O’rmon xo’jaligi bosh boshqarmasi:
ilgari O’zbekiston Respublikasi Davlat o’rmon qo’mitasi tasarrufiga kirgan o’rmon xo’jaligining barcha bo’linmalariga rahbarlik qiladi va ularni boshqaradi;
qayta tashkil etilayotgan O’zbekiston Respublikasi Davlat o’rmon qo’mitasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Quyidagilar O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi O’rmon xo’jaligi bosh boshqarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
o’rmon xo’jaligi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini, o’rmondan foydalanuvchilarning barchasi uchun majburiy bo’lgan o’rmon va ovchilik xo’jaliklarini yuritish bo’yicha me’yoriy-texnik hujjatlarning ijrosini nazorat qilish;
o’rmon fondini boshqarish, o’rmonlardan foydalanish, ularni tiklash, qo’riqlash va muhofaza qilishni tashkil etish, o’rmon xo’jaligi hududida qo’riqxona va milliy bog’lar ishini yuritish;
ekologiyani yaxshilash va suv resurslarini ko’paytirish, qishloq xo’jaligiga qarashli yerlarning cho’lga aylanishining oldini olish uchun o’rmon xo’jaligida o’rmon boyliklarini har tomonlama kengaytirishga va ulardan oqilona foydalanishga yo’naltirilgan yagona texnik siyosat yuritish;
o’rmon fondini, hayvonot va nabotot olamini hisobga olish va o’rganish, fan yutuqlari va ilg’or tajribani o’rmon xo’jaligiga joriy etish;
respublikada o’rmonlarni tiklash va ihota o’rmonlarini ko’paytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, tog’ yonbag’irlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlari bajarilishini tashkil qilish;
o’rmonlarni yong’indan, o’zboshimchalik bilan daraxt kesishdan va boshqa o’rmon qoidalari buzilishlaridan muhofaza qilish;
qo’riqxona ishlarini, ovchilik xo’jaligini yuritish, hayvonlarni qo’riqlashni ta’minlash hamda ov qilish qoidalari, me’yorlari va muddatlariga, ovchilik xo’jaligini yuritish tartibiga va hayvonot olamini qo’riqlash va undan foydalanishga doir boshqa talablarga rioya etilishini nazorat qilish;
o’rmon xo’jaligi korxonalari va tashkilotlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash.
4. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda O’zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish to’g’risida taklif kiritsin.
5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi O’rmon xo’jaligi bosh boshqarmasi faoliyatini tashkil etish masalalari bo’yicha qaror qabul qilsin.
6. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 12 fevraldagi 144-son Farmoni o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin.
O’zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,
2000 yil 7 fevral,
PF-2536-son

Toshkentda ob-havo

Harorat: 9°

Namlik 75% Shamol 10.84 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (14)