Orol yordamimizga muxtoj

Assalomu alaykum aziz vatandoshlar! Men Qodirov Komiljon Uralovich Toshkent viloyati, Qibray tumani, Baytqo‘rg‘on qishlog‘i, Temiryo‘l ko‘chasida istiqomat qilaman. Yoshim 63 da. Umrim davomida eshitgan va ko‘rgan, Orol muammosiga ta’luqli bo‘lgan vokea-hodisalar haqida sizlarga bayon qilmoqchiman. Mening yoshligim tabiat qo‘ynida o‘tdi. Ko‘p narsalarning guvohi bo‘ldim, tabiat bilan tillashdim va uning chiroyidan bahramand bo‘ldim.

Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda dolzarb muammoga aylanib borayotgan Orol dengizining qurishi ko‘pdan-ko‘p qiyin vaziyatlarni va muammolarni keltirib chiqarmoqda. Men shuncha yil mobaynida ko‘rgan-bilganlarimga asoslangan holda shuni aytmoqchimanki, orol dengizining qurib borishiga sabab, bu tog‘ va tog‘yonbag‘irlaridagi yovvoyi mevali daraxtlarning yo‘q qilinishidir. O‘rta asrlar so‘ngida sobiq sho‘ro xukumati a’zolari mamlakatimizni bosib olgandan keyin, ularning ortidan kelgan botanik olimlar va qishloq xo‘jaligi olimlari bir g‘oyani olg‘a so‘rishmokchi bo‘ladi. Ularning g‘oyasi shundan iborat ediki, O‘rta Osiyo hududlarida madaniylashtirilgan mevali bog‘lar barpo etib, ularning qay darajada samaradorligini, ularning tabiatga foydasi bor yoki yo‘qligini tekshirish maqsadida tajribalar boshlanib ketadi. Bu tajribalar 50-yillar oxirida to‘la-tukis amalga oshiriladi. Buning natijasida tog‘li hududlardagi yovvoyi tog‘ mevali daraxtlari- tog‘ yong‘oq, tog‘ olma, tog‘ olcha, toshbodom, kamhastak, temir daraxt (qatrong‘i), qizil va sariq do‘lana, na’matak, qorag‘at kabilar yulib olib tashlandi. Bunga qo‘shimcha tarzda shuni aytmokchimanki, ko‘pchiligimizga ma’lum Bakaterak degan daraxt bor. Bu ixtirochi daraxt hisoblanadi. Negaki, u bor joyda, albatta, buloq bo‘ladi. Ming afsuski, yo‘q qilingan daraxtlar orasida u ham bor. Bularning o‘rniga esa madaniylashtirilgan bog‘ mevali daraxtlari ekilgan. Albattaki, ular sug‘orilishi zarur edi.

Buning natijasida tog‘ yonbag‘irlarida ariqlar qaziladi va daryoga oqib tushuvchi soy suvlari kelib qo‘shilmaydi.

Yana shuni aytib o‘tmokchimanki, yovvoyi mevali daraxtlarning foydali hususiyatlari juda ham bisyor edi. Jumladan, ular ichgan suvini bug‘lantirmaydi va natijada kuz-qish va ko‘klam oylarida yog‘ingarchilik orqali paydo bo‘lgan suvlar yer ostida zahiralarni va undan buloqlarni hosil qiladi. Bu daraxtlar kesib tashlangandan keyin, buloqlar ham yo‘q bo‘lib boraveradi. Tog‘ bilan yovvoyi mevali daraxtlar aka-ukadek edi. Ammo, sobiq sho‘ro hukumati agronom olimlari buning farqiga borganmi, yo‘qmi u daraxtlarni yo‘q qilishgan. Bu huddi akani-ukadan ayirgandek gap edi. 60-yillarda esa Orol suv sathi ham sezilarli darajada kamayib borgan. Buni sezgan olimlar qish paytida sun’iy yo‘l bilan Orolga qor yog‘dirishadi. 1968-yil Bo‘stonliq hududlarida 2 m 90 sm, qaryib 3 m balandlikda qor yog‘diriladi,ammo bo‘lar ham foyda bermaydi. tabiatga qo‘l tekkizib bo‘lmas ekan. Chunki u o‘zi mustakil holda ishlaydigan narsa ekan. Sun’iylik yo‘llari bunga ta’sir o‘tkaza olmas ekan.

Mening bolalik yillarim Bo‘stonliq tumanida o‘tgan. Otam Tojikistoning Pomir tog‘laridagi botanika institutida bog‘bon bo‘lib ishlar edilar. Men u yerlarda ham bo‘lganman va meni ko‘z o‘ngimda o‘sha soylar-u, bo‘loqlar qurib yo‘q bo‘lib borar edi. Yovvoyi mevali daraxtlarning yo‘q bo‘lib borishi Orolning qurishiga asosiy sabab ekan, demak biz tog‘ yonbag‘irlarida bunday daraxtli bog‘larni shakllantirib, ko‘paytirib borishimiz zarur. Balki tog‘li hududlarda yashovchi aholi zimmasiga yuklatilsa, bu ular uchun ham, tabiat uchun ham va eng muhimi Orol uchun ham katta foyda berar. Toshkent viloyatidan oqib o‘tadigan Chirchik daryosini Sirdaryoga qo‘yiladigan joyidan to Bo‘zsuv kanali boshlanadigan joyigacha ikki yon qirg‘oqlarini tekislab, u yerlarga yovvoyi mevali daraxtlardan ekib, yashil belbog‘ barpo qilish kerak. Yuqorida aytganimdek, Baqaterakni ham ko‘paytirsak, bo‘loqlar soni ham ko‘payadi. Axir bu foyda emasmi? Samarali natija bersa, huddi shu tajriba ishini Sirdaryo va Amudaryodan to Orol bo‘ylarigacha qo‘llash lozim.

Daraxlar hakida gap ketar ekan, shuni aytib o‘tmoqchimanki, Osiyo darxatlari bilan Rassiya daraxtlari bir biridan farq qiladi. Rassiya daraxtlari suvni bug‘lantirsa, Osiyo daraxtlari havodagi namlikni so‘rib oladi va saqlaydi, yer ostida suv zahiralarini paydo qiladi.

Orol dengizini urib borishi natijasida, uning atrafida yashayotgan aholini sog‘ligi ham yomonlashmokda. Dengizning qurib qolgan tuz va qum zarralari shamolda ko‘tarilib, aholi nafas olayotgan havoni turli zararli moddalar ifloslamoqda, men bir oy mobaynida Qizil O‘rda viloyatida bo‘ldim. U yerda ham toza, suv yo‘q, qumi elanmasdan, ishlatiladi. O‘sha yerlik bir inson aytdiki, -«Bu yerning ko‘lidan suv ichib bo‘lmaydi. U zaxarga aylanib bo‘lgan». Mana ko‘ryapsizmi bu ham Orol bo‘yidagilarning bir ko‘rinishi. Orol ham uning bir qiyofasi ham sizninng yordamingizga muxtoj. Zero, qurib qolgan dengiz sathi zaxarli tuz va qumlardan iborat. Havoni filtrlovchi daraxtlar ekilarkan, bu aholining toza havo bilan nafas olishini benihoya taminlab beradi. O‘zbeklarda «Klaovini topsang, qor ham yonadi»- degan gap bor. Agar yanvar- fevral oylaridan cho‘l hududlarida ham yovvoyi mevali daraxtlarni ekish tajribalari o‘tkazilsa, may oylariga borib chorva mollarini boqish imkoniyati ham paydo bo‘lar edi. Usyurt, Qizilqum, Qoraqum cho‘llarida, Qozog‘istonning Qizil O‘rda vilayatida saksovullarni ekishni ko‘paytirish zarur. Sabab, shamol g‘arbdan sharqqa yuqorida, shimoldan esa yer yuzalab esadi. Shimoldan esayotgan shamol qum to‘zonlarni yuqoriga – g‘arb shamoliga yetkazib beradi. G‘arb shamoli uzoqqa eltadi deyishadi. Darhaqiqat, televideniye orqali ham aytib o‘tildi, qum-to‘zonlar shimol shamoli orkali yuqoriga, yuqoridan esuvchi g‘arb shamoli orkali esa butun dunyoga tarqamoqda. Orol bu havoni shunday qum – to‘zonlardan filtrlab turuvchi, ularni tutib turuvchi bir inshoat edi. Biz Orolni yo‘qotdik osmondagi daryomizni ham yo‘qotdik, azizlar. Orol yo‘q ekan, toza havo ham yo‘q. Buning oldini olish uchun esa saksovullarni ekishni ko‘paytirish kerak. Bu zaharli qumlarni to‘zishidan malum darajada ximoya kilib turuvchi vositadur.

 

Dekabr oyida o‘tkazilgan Oliy Majlis deputatligiga har bir partiyadan va yangi qo‘shilan «Ekologik partiyasi» dan ham nomzodlar qo‘yildi. Agar davlatimiz shu partiya a’zolariga imkoniyat bersa biz cho‘l hududlarida yovvoyi mevali daraxtlarni o‘tqazib, buloqlar paydo bo‘lishini isbotlab beramiz. Bu bir qarashda ilojsizdek tuyulishi mumkin, biroq meni ishonchim komilki buning yo‘llari ko‘p va biz buni uddasidan chiqamiz. Bizga faqat qo‘l kuchi va yo‘q yetkazib beruvchi transport bo‘lsa bas. Bizga fizik, matematik yoki kimyogar olimlar kerakmas, bizga tabiatni sevuvchi, tabiatshunos olimlar kerak. Men bu gaplarni isbot bilan aytyapman, negaki, mening umrim tabiat bilan uning bag‘rida u bilan birgalikda o‘tadi. Men avtomobil ishqibozlariga bir gap aytmoqchiman. Ular falon pulga mashina sotib olib, uni parvarishlashdan ko‘ra ko‘chat ekib, uni parvarishlashsin. Yoz oylarida toqqa ketayotgan щahar aholisi osmonga qiyo boqsin . Osmondagi dog‘larni ko‘radi. Balki nima qilish zarurligi haqida o‘ylashar. Mulohaza qilishar. Agar biz tabiatga mehr bermasak u ham shavqat qilmaydi.

Yaqinda bir Qoraqalpoklik yigit bilan gaplashdim. U menga chuqurlikda 20 km eniga, 50km uzunligiga sho‘r suv qolganini ayti. Axir bu fojiya emasmi? Men qayta-qayta aytishim mumkunki, Orol dengizi tiklamas ekanmiz inqirozdan boshimiz chiqmaydi. Chunki tabiiy inqiroz bir kun albatta uch oladi. Biz kelajak avlod bolalaridan, o‘zimizning farzandlarimizdan qarizdor bo‘lib qolmaylik. Aziz vatandoshlar, Orol yordamimizga muxtoj. Kelinlar, birlashib, bir dam bo‘lib uni saqlab qolaylik. Bu qo‘limizdan keladi. Biz buyuk insonlarning farzandlarimiz, buyuk ishlarga qodirmiz, Obi-hayotimiz omon qolishi o‘z qo‘limizda.

 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 7°

Namlik 84% Shamol 4.97 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (0)