Orolda “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob jonivorlarni ko‘paytirish taklif qilinmoqda

Qoraqalpog‘istonlik olimlar O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan yovvoyi tuyoqli hayvonlar — qulon, jayron, Prjevalskiy oti va sayg‘oqni Orolning qurigan maydonida hosil bo‘lgan o‘rmonzorlarda ko‘paytirish va keyinchalik tabiatga qaytarish bo‘yicha takliflarini ilgari surmoqda.

— Loyihamiz maqsadi Orolbo‘yi hududida tuyoqlilarning noyob turlarini saqlash va qayta tiklash bo‘yicha pitomniklar yaratishdir. Unda boshqa hududlarda reintroduksiya qilish orqali tuyoqlilarning noyob turlarini tiklashni taklif qilyapmiz. Uning uchun tuyoqlilarni yarim erkin sharoitda saqlash va ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqamiz. Shu orqali ularning zaxira soni yaratiladi, –— deydi loyiha tashabbuskorlaridan biri, Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Arzigul Kidirbayeva. — Pitomniklarda ko‘paytirilgan tuyoqlilarni boshqa qo‘riqxonalarga yuborish yoki ularni boshqa xaridorlarga sotib daromad qilish ham mumkin.

Hozirda uchta yovvoyi hayvon turini ko‘paytirishga mo‘ljallangan vol’er majmuasi loyihasini yaratganmiz. Bu hayvonlarni boshqa qo‘riqxonalardan olib kelamiz. Albatta, ularni darhol tabiatga yuborish mumkin emas, dastlab shunday pitomniklarda hududga moslashtiriladi.

Biz aynan Orolning qurigan tubida hosil bo‘lgan o‘rmonzorni tanlaganimizdan sabab, bu yerda tabiiy o‘t-yem bazasi mo‘l, tabiiy suv havzasi — Jaltirbas ko‘li bor. Aqbetkey massivi ayni paytda qo‘riqxonaga aylantirilmoqda, bu ham ularni qo‘riqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi bilan birga shu hududdan 5 ming gektar maydonni olishni rejalashtirganmiz. Maydonni o‘rab, tuyoqlilar uchun ozuqa ekinlarini ekamiz.

Bu kabi tajribalar dunyo tajribasida ko‘p marotaba sinalgan. Masalan, Belarus bundan 500 yil avval yo‘q bo‘lib ketgan tarpan yovvoyi otlari bosh sonini qaytadan ko‘paytirishga muvaffaq bo‘ldi. Qozog‘istonda Prjevalskiy otlari ko‘paytirilgan va hokazo.

— Ustyurt sahrolarida bosh soni kamayib ketgan sayg‘oqlarni ham shu usul bilan ko‘paytirishni loyihamizga kiritganmiz, – deydi A.Kidirbayeva — Sayg‘oqlarning O‘zbekiston tomonida kamayib ketishiga sabab Qozog‘iston bilan chegarada tikanli simlarning tortilishidir. Mamontlar davridan ular Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidagi keng sahrolarda ko‘chib yurgan va bu ularga instinkt bo‘lib qolgan. Endi ular ushbu chegara simlaridan o‘ta olmay izga qaytib ketmoqda. Shu hol davom etaversa, ularda tabiiy instinkt ham yo‘qolib ketishi mumkin. Shu sababli, sayg‘oqlarni ham yarim erkin sharoitda ko‘paytirishni ilgari surmoqdamiz.

 

 

Manba:daryo.uz

Toshkentda ob-havo

Harorat: 9°

Namlik 78% Shamol 4.37 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (0)