Toshkent viloyatidagi 6 ta tuman “Oltin halqa” turizm konsepsiyasidan o‘rin oldi

Vazirlar Mahkamasining “2019—2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Hujjatga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi har bir tuman o‘ziga xos bo‘lgan turistik mahsulotlarni ishlab chiqib, turizmning alohida yo‘nalishlarini rivojlantirib boradi:

  • viloyatning Bo‘stonliq, Ohangaron, Parkent, Bo‘ka, Chinoz, Zangiota tumanlari va Angren shahrida zarur infratuzilmani shakllantirish orqali ular o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash asosida turistlarning uzluksiz sayohatlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ushbu hududlarni “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi asosida rivojlantirish;

  • Parkent tumanining “Kumushkon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zarur infratuzilmani barpo etish, oilaviy mehmon uylari faoliyatini va qo‘shimcha turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy aholini turizm sohasidagi tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida “Kumushkon turizm qishlog‘i”ni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

“Oltin halqa” konsepsiyasi quyidagi vazifalar ijrosini nazarda tutadi:

  • “Zangiota—Chinoz—Bo‘ka—Ohangaron—Angren—Parkent—Bo‘stonliq” yo‘nalishida turizm marshrutlari va yo‘l ko‘rsatkich xaritalarini ishlab chiqish;

  • hududlardagi turistik obyektlarni xatlovdan o‘tkazish, obyektlarning barcha ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan pasportlarini tayyorlash, har bir turizm obyektida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqish;

  • turizm marshrutlaridagi mavjud yo‘lbo‘yi infratuzilmalarini xatlovdan o‘tkazish, ularda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash choralarini ko‘rish, yangi tashkil etish zarur bo‘lgan yo‘lbo‘yi infratuzilmalarini joylashtirish manzillarini belgilash va namunaviy loyihalarini tayyorlash;

  • turizm marshrutlarida yangi turizm obyektlarini tashkil etish yuzasidan jahon tajribasini o‘rganish, yangi turizm obyektlarini barpo etish manzillarini aniqlash, namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

  • turizm marshrutlarida alohida “Oltin halqa” yo‘nalishli taksilar, zamonaviy yengil avtomashinalar, mikroavtobuslar va avtobuslar qatnovini tashkil qilish;

  • konsepsiya doirasida hududlarning yo‘l infratuzilmasini yaxshilash choralarini ko‘rish;

  • hududlarda turistlar uchun milliy urf-odatlarni namoyish etuvchi madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar dasturini ishlab chiqish va doimiy ravishda tashkil etish;

  • har bir hududning milliy choyxonalarini tashkil etish;

  • hunarmandchilikni rivojlantirish, turistlar uchun esdalik sovg‘alari tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, hunarmandlarning uy-muzeylarini tashkil etish;

  • oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish va aholini tadbirkorlikka jalb qilish;

  • “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi doirasida Toshkent viloyatining turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha videoroliklar, qo‘llanmalar, yo‘l ko‘rsatkichlar, reklama-targ‘ibot materiallari tayyorlash va tarqatish;

  • turizm obyektlarida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha sohada faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil qilish.
     

 

Manba: daryo.uz 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 8°

Namlik 81% Shamol 4.74 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (0)