Yashash uchun ham, yashnatish uchun ham daraxt ekaylik!

Ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish - o‘zbek xalqining hayrli amallaridan biri hisoblanadi. Azaldan ota-bobolarimiz oilada farzand tug‘ilsa albatta unga atab biror-bir ko‘chat o‘tkazishgan. Bunday ezgu amalni esa yildan-yilga yo‘qolib borayotgani afsuslanarli hol albatta. Tasavvur qiling yurtimizda yiliga minglab chaqaloqlar dunyo yuzini ko‘radi, har biriga atab daraxt ekilganida esa yiliga minglab ko‘chatlar bo‘y ko‘rsatadi degani. Afsuski bizda obodonlashtirish yoki ko‘kalamzorlashtirish hayriya aksiyasi yoki hashar o‘tkazilgandagina amalga oshiriladi. Ayrimlar naznida bunday vazifalar qanday tashkilot zimmasiga yuklangan bo‘lsa faqatgina o‘sha tashkilot amalga oshirishi kerak degan noto‘g‘ri fikr shakllanib ulgurgan. Ayniqsa daraxt ekishdek, hayrli ishlarda barcha bir bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarsa, bir tanu-bir jon bo‘lsa yurtimiz tabiati go‘zallashibgina qolmay ekologiyamiz yaxshilanishiga, shahrimiz havosi tozalanishiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘larmidik?!

Shu o‘rinda asosiy vazifasi o‘rmon barpo etish, ularni qayta tiklash, qo‘riqlash va yana bir qancha tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining o‘tgan vaqt mobaynida qilgan ishlarini sarhisob qilib o‘tsak.

O‘rmon barpo qilishning aosiy 90 foizi cho‘l mintaqasida olib boriladi,
1990 yilda Respublikamizning davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan jami 39.3 ming gektar maydonda, 2010-2016 yillarda o‘rtacha 42-44 ming gektar maydonda ko‘chatdan, urug‘dan va tabiy tiklanishga ko‘mak berish tadbirlarini o‘tkazish orqali o‘rmon barpo etish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 2018 yilda salkam 53 ming gektar maydonda madaniy o‘rmonzorlar barpo etildi.

Joriy yilda o‘rmon barpo qilish hajmi keskin oshirilib bugungi kungacha respublika bo‘yicha jami 484 ming gektar maydonda (Mo‘ynoq tumanidagi qurigan Orol dengizi hududida 461 ming gektar) o‘rmon barpo etish ishlari amalga oshirildi. Yil yakuni bilan 547 ming gektarga yetkaziladi.

Har bir tuman, shahar markazlari, mahalla, ko‘chalar, avtomobil yo‘llari, ijtimoiy va ma’muriy binolar, sanoat korxonalari atroflarini ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek fermer xo‘jaliklarining dala chetlarida ko‘chatlarni ekish bo‘yicha juda katta ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish” unitar korxonasining hududiy bo‘linmalariga umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari chetlarida ekish uchun
2018-2019 yillarda jami 1,0 mln. tupdan ortiq har xil turdagi manzarali va mevali ko‘chatlar yetkazib berildi. Shuningdek, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarida shamol eroziyasiga qarshi ixota daraxtzorlarini barpo qilish 2018 yildan boshlandi.
2018-2019 yillarda jami 1,1 ming gektar maydonda ixota daraxtzorlari barpo etilgan bo‘lsa, yil yakuni bilan 2,5 ming gektarga yetkaziladi.

Bundan tashqari, Qo‘mita tashabbusi bilan har yil respublika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mulk shaklidan qa’tiy nazar barcha tashkilot, korxonalar, MFY, hamda aholi tomonidan “ko‘chat ekish oyliklari” o‘tkazilib kelinadi.

Jumladan, senatning 23-yalpi majlisida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirovning gektarlab yerlarni ko‘kalamzorlashtirish orqali rekord o‘rnatish maqsadga muvofiqligi haqida aytganida qanchalik haqiqatni gapirgan keling yana raqamlarga yuzlashaylik.

Daraxtlar-hayot uchun zarur kislorodning asosiy manbai hisoblanadi. Bir tup daraxt yil davomida 3 kishiga yetadigan kislorod ishlab chiqaradi, bir tup manzarali daraxt bo‘lsa 10 ta konditsioner o‘rnini bosadi. Bir gektar maydondagi o‘simlik
10 kilogramm fitonotsid ishlab chiqaradi. Ushbu fitonotsidlar dizenteriya, difteriya, sil va yuqumli kasalliklarning oldini olib, yurak, qon-tomir tizimini mustahkamlaydi, asab faoliyatini yaxshilaydi. Archa, chinor kabi umrboqiy daraxtlar ming yildan ziyod yashaydi va insonga asrlar davomida foyda keltiradi. Kislorod ishlab chiqarishda ham daraxtlarga yetadigani yo‘q.
Tadqiqotlarga qaraganda, bir gektar maydondagi daraxtlar bir kecha kunduzda 220-275 kilogramm karbonad angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratadi. Bu miqdor o‘rtacha 500 kishini kislorod bilan ta’minlashga yetadi. Haqiqatan ham o‘rmon bilan qoplangan hududlar havosida kislorod miqdori boshqa maydonlardagidan yuqori bo‘lib, kishi ruhiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi va hatto ko‘rish qobiliyatini yaxshilash kuchiga ham ega. Eng ahamiyatlisi qalin daraxtzorlar chang bilan birga turli shovqinlarni ham yutadi.

Daraxt ekishning ahamiyati haqida gap ketganida muqaddas dinimizda ham bunday hayrli ishlar borasida juda ko‘p yaxshi dalillar keltirilgan. Jumladan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Qiyomat kuni yetib kelganida, sizlardan biringizning qo‘lida bir nihol bo‘lsa, uni ekish uchun biron bir fursat mavjud bo‘lsa, uni ekishi lozim bo‘ladi.”

Ayni vaqtda ekologik muammolar tobora global ahamiyat kasb etib borayotganda o‘rmonzorlarning tabiiy muvozanatni saqlab qolish va inson salomatligini mustahkamlashdagi ahamiyatini oshirish yo‘lida har qanday sa’y-harakatlar albatta tahsinga loyiqdir.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Matbuot xizmati

 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 14°

Namlik 39% Shamol 6.92 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (170)