Yevropa investitsiya banki 100 million yevro ajratadi

Yevropa investitsiya banki Orol muammosini bartaraf etish uchun Trast fond doirasida 100 mln. yevrolik uzoq muddatli imtiyozli kredit mablag‘larini ajratishi kutilmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi axborot xizmatiga bergan suhbatda ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rasmiy veb-saytida e’lon qilingan ushbu suhbatda ta’kidlanishicha, joriy yilning 22-26 sentabr kunlari Nyu-York shahrida o‘tkazilgan BMTning Iqlim harakatlari bo‘yicha sammitida dunyoning 65 ta davlatidan vakillar hamda 100 dan ortiq yirik biznes va xalqaro tashkilotlar rahbarlari qatnashgan va mazkur sammitdagi yurtimiz vakillarining ishtiroki ham samarali bo‘lgan. 

O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur safar davomida BMTning turli davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan va ushbu muzokaralarda O‘zbekiston tomonidan Parij bitimining ijrosi, Orol muammosining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar va Orolbo‘yi hududi uchun tuzilgan Trast fondi haqida ta’kidlangan. 

Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi va O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan ikki tomonlama uchrashuvlarda muhim kelishuvlarga erishilgan. Jumladan, AQShning “Project CURE” nodavlat va notijorat tashkiloti Qoraqalpog‘iston aholisining sog‘lig‘ini yaxshilash uchun 400 ming dollardan ortiq miqdorda tibbiy uskuna va jihozlarni beg‘araz tariqasida yetkazib berishini ma’lum qilgan. AQShning qishloq xo‘jaligi departamenti esa “Ta’lim uchun oziq-ovqat” dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyati maktablari uchun sifatli oziq-ovqat ta’minoti, o‘qituvchilar malakasini oshirish va maktablarda ichimlik suvi sifatini yaxshilash uchun 5 yilga 21,5 mln. dollar ajratilganini ta’kidlagan. 

Yana bir muhim xabar – Yevropa investitsiya banki Orol muammosini bartaraf etish uchun Trast fond doirasida 100 mln. yevrolik uzoq muddatli imtiyozli kredit mablag‘lari ajratishni rejalashtirmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondini birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi moliyalashtirgan edi. Ya’ni, 2019-2022-yillarda O‘zbekiston tomoni 6,5 million dollar ajratish majburiyatini olib, joriy yil 1-mart kuni dastlabki 2 million dollarini o‘tkazgan. Aprel oyida Norvegiya hukumati tomonidan Trast fondining Nyu-Yorkdagi hisob raqamiga 1,1 million dollar mablag‘lari o‘tkazildi.

Mazkur kelib tushgan mablag‘lar hisobiga 2019-2020-yillarda Orolbo‘yi hududida amalga oshirish uchun mo‘ljallangan 2 ta “Qishloq aholisi hududlarining muntazam rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash orqali Orolbo‘yi hududida inson xavfsizligini ta’minlash” va “Eng ojiz onalar va yangi to‘g‘ilgan chaqaloqlarga perinatal yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash” loyihasiga jami 3,08 million dollar mablag‘lar ajratildi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Qoraqalpog‘istondagi loyihalarni amalga oshirishda faol hissa qo‘shmoqda. Masalan, BAA Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish maqsadida qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun 10,7 mln. dollar mablag‘ ajratgan. Bunga qo‘shimcha ravishda BAA prezidenti Xalifa bin Zaid al-Nahayon nomidagi bolalar va ayollar shifoxonasini Nukus shahrida 1,3 ga maydonda 7 mln.  dollar grant hisobiga barpo etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2019-yil 4-aprel kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian rahbarligida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi Muynoq tumaniga tashrif buyurib Trast jamg‘armasi bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanligini bildirgan edi va Yevropa Ittifoqi Trast jamg‘armasiga 5 mln. yevro grant ajratishini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur fondning asosiymaqsadi Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirishdir. 2018-2019-yilda Orol dengizining suvi qurigan tubiga saksovul ekish uchun jami 1 million 125 ming gektar yer maydoni tayyorlandi. Ta’kidlash joizki, Orol dengizining qurigan tubiga avval 30-40 yil davomida atigi 400 ming gektariga cho‘l o‘simliklari ekilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning dekabr oyidan joriy yilning may oyiga qadar, ya’ni 6 oy ichida qariyb 500 ming gektarga saksovul ekildi. Endi bu ko‘rsatkich 700 ming gektarga yetkaziladi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 13°

Namlik 60% Shamol 6.48 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (104)