Amudaryo deltasining qirg‘oqbo‘yi hududlaridagi to‘qayzorlarni tiklashda TIKA bilan kelishib olindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 29-30 noyabrdagi “Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi mavjud muammolar va ularni hal etish yuzasidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22531-xx-son yig‘ilish bayonining 66- bandida Turkiyaning Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligi (TIKA) bilan hamkorlikda Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligi yerlarida 2019 yil davomida reja asosida 25 gektar maydonda maxsus ko‘chatxonalar tashkil qilib, yiliga 1 mln. dona qurg‘oqchil hududlarga mos ko‘chatlarni yetishtirishni tashkil etish vazifasi belgilangan edi.

Bu vazifa bevosita “Amudaryo deltasining qirg‘oqbo‘yi hududlarida 5 ming gektar to‘qaylarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish va o‘rmon xo‘jaliklarining moddiy-teknik bazasini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirishni ham ko‘zda tutadi. 2017 yilda boshlangan ushbu loyiha doirasida TIKA tomonidan Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligining Kokrali o‘rmon bo‘limida zamonaviy tipdagi ko‘chatxona kompleksi faoliyati uchun ishchilar foydalanadigan bino qurib bitkazildi. 2018-2019 yilda ko‘chatxona kompleksini tashkil etish ishlari jadal sur’atda amalga oshirilmagan bo‘lsada loyiha dizaynlari ishlab chiqilgan.

Ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish va davom ettirish maqsadida joriy yilning 4 oktabr kuni qo‘mita raisi Nizomiddin Bakirov Turkiya Respublikasi Bosh vaziri devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligi (TIKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Ihsan Chag‘larni qabul qildi.

O‘zaro muzokaralar chog‘ida TIKA, “Amudaryo deltasining qirg‘oqbo‘yi hududlarida 5 ming gektar to‘qaylarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish va o‘rmon xo‘jaliklarining moddiy-teknik bazasini mustahkamlash” loyihasini tez kunlarda amalga oshirish niyati borligini bildirdi.

Ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha ish dasturini turkiyalik mutaxassislar ishtirokida oktabr oyining o‘rtalarida ishlab chiqish hamda unga asosan ishni jadallashtirishga kelishib olindi.

Shuningdek, uchrashuvda TIKA bilan istiqboldagi loyihalar ham muhokama qilindi.

 

 

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Matbuot xizmati

Toshkentda ob-havo

Harorat: 13°

Namlik 60% Shamol 6.48 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (162)