Yurtimizning tog‘li hududlarida qishki turizm rivojlantiriladi

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov Turkiyaning Mustaqil sanoatchilar va ishbilarmonlar assosatsiyasi (MÜSİAD) vakillarini qabul qildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rasmiy sayti xabar bermoqda.

Turkiya delegatsiyasi vakillari bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan turizmni rivojlantirish yo‘lida qilingan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirildi.

MÜSİAD delegatsiyasi vakillari, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonning turistik salohiyatini yuqori baholab, yurtimizga sayohat qilayotgan turkiyaliklar soni 60 foizdan oshganini e’tirof etishdi.

Turkiya tomon O‘zbekistonga ziyorat turizmi, madaniy turizm hamda gastronomik turizmni rivojlantirishda yaqindan yordam berishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.

Shuningdek, ular mahalliy va xorijiy investorlarni birlashtirish imkoniga ega ekanliklarini maʼlum qilib, Turkiyaning 87 viloyatida o‘z filiallari mavjudligini bildirishdi.

Bundan tashqari, mehmonlar hozirda Turkiyada qishki turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ma’lum qilib, u yerda hatto Qishki turizm federatsiyasi ham faoliyat ko‘rsatishini qayd qilishdi. Shu oʻrinda O‘zbekiston ham turizmning qishki turlarini rivojlantirish uchun istiqbolga ega ekani qo‘shimcha qilindi.

O‘zbekiston tomon MÜSİAD vakillari bilan “IdealIST” kompaniyasi hamkorligida tayyorlagan Namangan viloyatining “Nanay”, Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Supa”, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Omonxona” qishlog‘i loyihalari taqdimotini o‘tkazish masalasini muhokama qildi.

Uchrashuv yakuniga koʻra, Turkiyadagi hamkor tashkilotlar va tadbirkorlarni jalb qilgan holda u yerda yuqorida qayd etilgan turizm klasterlari taqdimotini o‘tkazishga oid kelishuvga erishildi.

Fursatdan foydalanib, Turkiya tomon O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillarini MÜSİAD kompaniyasiga tashrif buyurishga taklif qilishdi va Turkiya safari doirasida ikki tomon hamkorligiga doir aniq “yo‘l xaritasi” belgilab olinishiga kelishishdi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro sovg‘alar almashishdi.

Maʼlumot uchun, MÜSİAD insonlar va tashkilotlar, davlat va jamiyat, shuningdek mintaqa va jahondagi ijtimoiy, madaniy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va texnologik rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan rivojlanish va oʻzaro hamkorlik hamda hamjihatlik platformasini tashkil qiluvchi faol va kuchli nodavlat tashkilotdir. U chet elda joylashgan filiallari, vakolatxonalari va koordinatorlari bilan ishonchli va keng biznes tarmogʻini taklif etuvchi kuchli “fuqarolik jamiyati instituti” bo‘lib, jamiyatning biznes va boshqa sohalari uchun namunali taʼlim, maslahat, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi markaz hisoblanadi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 6°

Namlik 61% Shamol 4.98 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (180)