Sariosiyoda Obizarang sel suv ombori quriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida Obizarang sel suv omborini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘oriladigan yer maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash, sel-toshqin suvlarining salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1.Bosh loyiha tashkiloti “O‘zsuvloyiha” AJ tomonidan 13,15 mln. kub metr hajmdagi sel suv ombori qurilishi nazarda tutilgan “Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida Obizarang sel suv omborini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2.“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida Obizarang sel suv omborini qurish” loyihasining (keyingi o‘rinlarda – loyiha deb ataladi) texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ilovaga muvofiq asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan tasdiqlansin.

3. Loyihani amalga oshirish muddati 2023 yil 30 aprel qilib belgilansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bosh loyiha tashkiloti “O‘zsuvloyiha” AJ bilan birgalikda 2020 yilning 1 iyuliga qadar mazkur qarorning 2-bandi bilan tasdiqlangan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblariga muvofiq ishchi hujjatlar sifatli ishlab chiqilishini hamda vakolatli ekspertiza organlaridan belgilangan tartibda ekspertiza xulosalari olinishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi mazkur qarorning ilovasiga muvofiq talab etiladigan kapital qo‘yilmalarni buyurtmachi va bosh loyihachi tomonidan taqdim etilgan aniq hisob-kitoblar asosida 2020 – 2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlari parametrlarini shakllantirish jarayonida ajratilishini nazarda tutsinlar.

6. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev hamda Surxondaryo viloyati hokimi T.A. Bobolov loyihani amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanilishi hamda barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi, shuningdek, loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradilar.

7.Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – transport vaziri A.J. Ramatov, suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev Surxondaryo viloyati hokimi T.A. Bobolov zimmasiga yuklansin.
 

O‘zbekiston Respublikasining
Bosh vaziri        A. Aripov

Toshkentda ob-havo

Harorat: 13°

Namlik 42% Shamol 7.16 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (173)