«Orolbo‘yi ─ ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar» konsepsiyasi taqdim etildi

Orol dengizi va uning atrofidagi hududlar holatini yaxshilash bo‘yicha vazifalarni belgilovchi «Orolbo‘yi ─ ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar» konsepsiyasi ishlab chiqildi. Mazkur konsepsiya 8-9 avgust kunlari Toshkent shahrida xalqaro ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan «Orol dengizi havzasidagi qishloq xo‘jaligi va ekologiya muammolarini investitsiya va innovatsiyalar uchun imkoniyatlarga aylantirish» mavzusidagi xalqaro ko‘p tarmoqli forumda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofazalash tizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Abdusalom Ishimov Orol dengizining avvalgi va hozirgi holati haqida ma’lumotlarni taqdim etdi.

─ Kattaligi bo‘yicha dunyo ko‘llari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan Orol dengizi O‘rta Osiyoning ikki yirik daryosi ─ Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan to‘yingan. Mazkur suv havzasi O‘rta Osiyo hududida iqlim holatini nazorat qilish, ob-havodagi keskin o‘zgarishlarni yumshatish vazifasini ham bajargan. Hududga kirib kelgan shamol massalari Orol dengizi akvatoriysi ta’sirida qishda iliqlashgan, yozda esa salqinlashgan.

O‘tgan asr o‘rtalarida Orol dengizining suv hajmi 1080 km3ni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu suv havzasi uchta kichik qismga ─ G‘arbiy dengiz (43,6 km3), Shimoliy dengiz (25,1 km3), Katta dengiz (0,7 km3) ajralib qolgan.

Orol nega quridi?

Abdusalom Ishimovaning qayd etishicha, Orol dengizining qurib qolishi suvning noto‘g‘ri sarflanishi va demografik omillar bilan bog‘liq.

1913 yilda Orol dengizidan suvi bilan sug‘oriladigan yer maydoni 3,2 mln gektar bo‘lgan bo‘lsa, 1985 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 6,9 mln gektarga yetdi.

Turli ehtiyojlar uchun Orol dengizidan sarflanadigan suv 1960 yillarda 63 km3, 1980 yilda esa 95,0 km3 kubni tashkil etgan.

O‘tgan asr davomida bir qancha kanallarning bunyod etilishi natijasida Amudaryo va Sirdaryo suvlari boshqa tomonga yo‘naltirilgan, natijada Orolgacha suv yetib bormagan.

20 asr davomida Orolbo‘yi hududlari Markaziy Osiyo va qisman Afg‘oniston aholisining 14 mln.dan 65 mln.gacha keskin ortishi ham suvga bo‘lgan talabning ortib borishiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi maqsadlarida yerning sho‘rini yuvishga ham katta miqdorda suv sarflangan.

«Orol dengizining qurib borishi natijasida bir qator salbiy holatlar yuzaga keldi. Orol hududida paydo bo‘lgan zaharli tuz uyumlarining zarralari Pomir tog‘lari, Antarktida sohillari, Grenlandiya muzliklari, Norvegiya o‘rmonlarigacha yetib bormoqda. Yovvoyi o‘simliklar va hayvonot dunyosi qirilib bormoqda. Orolbo‘yi hududida lokal iqlim keskin o‘zgarishlarga uchradi. Ichimlik suvining tanqisligi, xavfli kasalliklarning tarqalishi, yashash sharoitlarining og‘irlashuvi natijasida Orolbo‘yi hududidan aholi migratsiyasi ko‘paygan», ─ deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi vakili.

Konsepsiya nimalarni ko‘zda tutadi?

«Orolbo‘yi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar» konsepsiyasiga ko‘ra, «Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi» bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yaratish, turli manbalarni jalb qilgan holda moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish, malakali kadrlarni tayyorlash, Orolbo‘yi haqidagi barcha ma’lumotlarni saqlovchi veb-saytni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Xususan, konsepsiya quyidagi aniq vazifalarni qamrab oladi:

─ yerusti ekspeditsiyalari va kosmik kuzatuvlar yordamida Orolning qurigan tubini doimiy monitoring qilib borish;

─ Orolbo‘yini hamda dengizning qurigan tubini o‘zlashtirish maqsadida qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan daraxt navlarini ekkan holda keng ko‘lamli o‘rmonlashtirish ishlarini olib borish;

─ bo‘rdoqichilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun o‘tloqlar zonasini yaratish;

─ mavjud manbalardan foydalangan holda tayanch-harakat kasalliklarini balchiq bilan davolash, G‘arbiy dengizning mineral suvlari yordamida balneoterpiya muolajalarini yo‘lga qo‘yish;

─ quyosh issiqligi asosida ishlovchi issiqxonalarni ishga tushirish;

─ oliy ma’lumotli geobotanik, tuproqshunos, zoolog, geograf, ekolog, geologlarni tayyorlash;

─ hayvonot va nabotot olamini boyitish.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 32°

Namlik 22% Shamol 7.99 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (92)