O‘zbekistonda 3 mln tonna sig‘imga ega bo‘lgan yirik agrologistika komplekslari barpo etiladi

Joriy yilning 7 avgust kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, mamlakatda yiliga o‘rtacha 16 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar, 1,5 million tonnaga yaqin go‘sht, 10 million tonnaga yaqin sut ishlab chiqarilsa-da, ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi o‘rtacha 15-20 foizni tashkil qilmoqda. Agrologistika tizimi yaxshi rivojlanmagan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va saralash xizmatlari talab darajasida emasligi hosilning qariyb 30 foizi isrof bo‘lishiga olib kelmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlarni xalqaro standartlarga mos laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishda ham muammolar ko‘zga tashlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda yetishtirilayotgan sabzavot mahsulotlarining bor-yo‘g‘i 3-4 foizi, mevaning 11 foizi eksport qilinmoqda. Bu borada hali o‘rganilishi, joriy etilishi zarur bo‘lgan jihatlar bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 29 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori shu kabi muammolarga tezkor yechim topish, sohaga yangi mexanizmlarni joriy etish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qarorga asosan 2019–2021 yillarda respublikaning 8 ta, ya’ni Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga 3 mln tonna sig‘imga ega bo‘lgan yirik agrologistika komplekslari barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sig‘imi 360 ming tonna bo‘lgan jami 37 ta zamonaviy agrologistika markazlari tashkil qilinadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha jami 174 ta va oziq-ovqat sohasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha jami 24 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshiriladi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mavjud samarasiz bog‘lar o‘rnida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 36 ming gektar intensiv bog‘lar tashkil etiladi. Bundan tashqari, “O‘zstandart” agentligining respublika hamda Namangan va Samarqand hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari huzuridagi sinov laboratoriyalarini to‘liq modernizatsiya qilish va yangi uskunalar bilan ta’minlash, oziq-ovqat sohasida 726 ta xalqaro standartlarni joriy qilish kabi chora-tadbirlar belgilanmoqda.

 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 32°

Namlik 22% Shamol 7.99 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (92)