«Urung‘och» ko‘li davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinadi

“Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ining ayrim tabiiy hududlari va ob’ektlaridan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining “Urung‘och” ko‘li va unga tutash hududlarni davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Toshkent viloyati hokimligiga bir oy muddatda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i (UChDMTB) Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joylashgan maydoni 43 ga bo‘lgan “Urung‘och” tabiiy ko‘li va unga tutash hududlarni o‘rnatilgan tartibda davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinishi topshiriladi.

Belgilanishicha, “Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligi Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joylashgan, uning bir qismi bo‘lib, mazkur xo‘jalik tomonidan yerlari olib qo‘yilmagan va ob’ektga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday faoliyatni taqiqlagan holda boshqariladi.

Quyidagilar “Urung‘och” gidrologik tabiat yodgorligining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

tabiiy ko‘l va unga tutash hududlarni o‘zgartirilmagan holda saqlash;

tog‘ ekotizimi o‘simlik va hayvonot dunyosini qayta tiklash va takror ko‘paytirish;

ekologik turizmni tashkil etish;

ilmiy va ekologik-ma’rifiy ishlarni o‘tkazish;

aholining ekologik ta’lim va tarbiyasiga ko‘maklashish.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mazkur vazifalarni bajarish uchun mas’ul organ etib tayinlanadi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi:

Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi shtat birliklari doirasida “Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligini tegishli malaka va ma’lumotga ega mutaxassislari tomonidan qo‘riqlash uchun biriktirilishi nazarda tutiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida sayyohlik marshrutlarini aniqlash, yo‘laklarni jihozlashni, shiyponlar, o‘rindiqlar, chiqindi tashlash qutilari, axborot va cheklov belgilarini o‘rnatishni, hojatxonalar (biotualetlar)ni joylashtirishni nazarda tutuvchi masalalarini hal etish;

“Urung‘och” davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududi uchun mumkin bo‘lgan rekreatsion bosim me’yorlarini (muayyan vaqt davomida tashrif buyuruvchilarning maksimal ruxsat etilgan soni) ishlab chiqish;

Toshkent viloyati hokimligi va Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda davlat ekologik nazoratni amalga oshirish maqsadida UChDMTB Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida ekologik postning o‘rnatilish joyini aniqlash va uni joylashtirish uchun o‘rnatilgan tartibda yer uchastkasi ajratish;

UChDMTBning qo‘riqxona zonasini tashkil etish uchun uning hududini o‘rganish va o‘rganish natijalari bo‘yicha hujjatlarni davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat ekologiya qo‘mitasi va Fanlar akademiyasi bilan birga joriy yilning oxirigacha davlat tabiat yodgorliklari deb e’lon qilish va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastriga kiritish uchun mamlakatimizdagi tabiiy ob’ektlar va komplekslarni shu jumladan yoshi 100 va undan oshgan daraxtlarni tasnifi bilan xatlovdan o‘tkazadi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 32°

Namlik 22% Shamol 7.99 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (154)