Nizom

Vazirlar Mahkamasining 
2017 yil “19” iyuldagi 530- son qaroriga 
1-ilova


Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi 
toʻgʻrisida nizom

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari va funktsiyalari, huquqlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Qoʻmita oʻrmonlarni barpo etish, koʻpaytirish, qayta tiklash, muhofaza qilish va qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish, shuningdek oʻrmon-ov, 
ov xoʻjaligini yuritish, qoʻriqxonalar, milliy tabiat bogʻlar va tizimdagi boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ishlarini tashkil etish va yuritishda yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi 
va hisobot beradi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi, viloyatlar oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda hududiy boshqarmalar deb ataladi), Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Davlat qoʻriqxonalari, milliy tabiat bogʻlari va ovchilik xoʻjaliklari boshqarmasi, “Oʻrmonloyiha” davlat unitar korxonasi, “Shifobaxsh” dorivor oʻsimliklarni yetishtirish 
va qayta ishlash markazi hamda Oʻrmon va dorivor oʻsimliklar urugʻchiligi tahlil markazi, shuningdek qoʻmita tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlar deb ataladi) Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining yagona tizimini tashkil etadi.
5. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 
va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari 
va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Qoʻmita oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xorijiy va xalqaro hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
7. Qoʻmitaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan va normativ-huquqiy tusga ega boʻlgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subʼektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
8. Qoʻmita yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va oʻz nomi tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida hisob raqamlariga, bank, shu jumladan chet el valyutasidagi hisob raqamlariga ega boʻladi.
9. Qoʻmitaning joylashgan yeri (pochta manzili): Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet koʻchasi, 2-uy, 100140.

 

2-bob. Qoʻmitaning vazifalari va funktsiyalari
 

10. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻrmon boyliklarini har tomonlama kengaytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan oʻrmon xoʻjaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish;
oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ularga rioya etilishini amaliy nazorat qilish;
oʻrmon fondi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarishni tashkil etish, oʻrmon barpo etish, ularni qayta tiklash, qoʻriqlash, muhofaza qilish, oʻrmonlardan oqilona va tejamli foydalanish; 
respublikamizda oʻrmonlarni tiklash va ihota oʻrmonlarini koʻpaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, togʻ yonbagʻirlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlari bajarilishini tashkil qilish; 
oʻrmon fondini, fauna va florasini oʻrganish hamda ularning qatʼiy hisobini yuritish, oʻrmon xoʻjaligini yuritish amaliyotiga fan yutuqlari 
va ilgʻor tajribani joriy etish; 
oʻrmonlarni yongʻinlardan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va boshqa oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishlaridan muhofaza qilish; 
manzarali oʻsimliklar koʻchatlari va urugʻlarini sertifikatlash 
va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilishni tashkil etish; 
oʻrmon xoʻjaliklarida bir-biriga bogʻliq boʻlgan xoʻjalik faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish, koʻchat yetishtirish, dorivor oʻsimliklarni toʻplash, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni chuqur qayta ishlash, xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish; 
tarmoqqa xalqaro moliya institutlari grantlarini jalb etish va ekologik turizmni keng koʻlamda rivojlantirish; 
oʻrmon xoʻjaligi sohasida oʻrta maxsus va oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish. 
11. Qoʻmita oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
a) oʻrmon boyliklarini har tomonlama kengaytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan oʻrmon xoʻjaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish sohasida:
oʻrmon barpo etish orqali ularning maydonlarini kengaytirish, qayta tiklash, muhofaza qilish, ulardan foydalanish faoliyatini rivojlantirish 
va samaradorligini oshirish sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish;
Qoʻmita tizimiga kiruvchi xoʻjaliklar va boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning kelgusida rejalashtiriladigan ishlarini prognozlashtirish, manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda sohani rivojlantirishning davlat va mahalliy dasturlarini hamda bosh reja (sxema)larini ishlab chiqish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Qoʻmita markaziy apparatining boshqarma va boʻlimlari, hududiy boshqarmalar hamda Qoʻmita tizimiga kiruvchi respublika tashkilotlarining nizomlarini tasdiqlash;
Qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlarda hisob va hisobot yuritilishini hamda mol-mulk saqlanishini, hisobga olinishini va hisobdan chiqarilishini taʼminlash, yetkazilgan moddiy zararni undirish choralarini koʻrish;
Qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning buxgalteriya hisobotlarini, balanslarini koʻrib chiqish, umumlashtirish, yigʻma balanslar tuzish va ularni tegishli organlarga taqdim etish;
qoʻmita oʻziga boʻysunuvchi tuzilmalari orqali oʻrmon muhofazasi nazoratining chegara mintaqalari daxlsizligini taʼminlash maqsadida harbiylashtirilgan tuzilmalar bilan oʻzaro hamkorlik qilish va qoʻshma tadbirlarni amalga oshirish;
oʻziga boʻysunuvchi xoʻjaliklarning chegaradosh hududlari xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrish, hududni ishonchli qoʻriqlash va himoya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
chegara rejim-qoʻriqlash tadbirlarini oʻtkazish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitasi taklifi boʻyicha profilaktika va chegara oldi hududlaridagi oʻrmon daraxtlari va changalzorlarni tozalash ishlarini amalga oshirish va nazorat qilish;
oʻrmon fondi hududida harbiylashtirilgan tuzilmalar boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlikda jinoyatchilik namoyon boʻlishi belgilari va faktlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari, ichki ishlar organlarini xabardor qilish, rejimga bogʻliq noxush holatlarni bartaraf etish boʻyicha samarali tezkor-qidiruv faoliyati oʻtkazilishiga koʻmaklashish;
fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini taʼminlash;
qoʻmita tizimi faoliyatiga oid gazeta va jurnallar chiqarilishini, tegishli ruxsatnomalar, blankalar, sohaga tegishli kitob, byulletenь 
va qoʻllanmalar chop etilishini hamda veb-sayt yuritilishini tashkil etish;
b) oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ularga rioya etilishini amaliy nazorat qilish sohasida:
oʻrmonlarni, oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, undan oqilona foydalanish, oʻrmon xoʻjaliklari va boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyatini tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
oʻrmonlar toifalarini belgilash, ularni bir toifadan boshqasiga oʻtkazish haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
oʻrmon fondida daraxt va butalarni parvarishlash yoki maqsadli foydalanish uchun kesish hajmlarini belgilash va tasdiqlash;
Qoʻmita tizimiga kiruvchi oʻrmon fondi yerlarida oʻrnatilgan rejimga rioya qilinishi, oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda ov qilish qoidalari ijrosi yuzasidan idoraviy nazoratni amalga oshirish;
oʻrmon fondi yaylovlarida chorva mollarini oʻtlatish, ularni yaylovlarda joylashtirish va oʻrmon fondi yerlaridan foydalanishning boshqa turlari uchun toʻlanadigan haq miqdorini belgilash haqida takliflar ishlab chiqish 
va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
v) oʻrmon fondi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarishni tashkil etish, oʻrmon barpo etish, ularni qayta tiklash, qoʻriqlash, muhofaza qilish, oʻrmonlardan oqilona va tejamli foydalanish sohasida:
Qoʻmita tizimiga kiruvchi xoʻjaliklar va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni yuritishda joriy va istiqbolga moʻljallangan tadbirlar tizimini qamrab olgan loyiha qidiruv tadbirlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish;
oʻrmon, ovchilik va ixtisoslashgan xoʻjaliklarni, shuningdek boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ularning asosiy yoʻnalishlarini belgilash va ular ishini yuritish;
g) respublikamizda oʻrmonlarni tiklash va ihota oʻrmonlarini koʻpaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, togʻ yonbagʻirlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlarini tashkil qilish sohasida:
oʻrmon fondi hududidagi choʻl, togʻ va togʻ oldi yaylovlarining holatini yaxshilash, boyitish, mahsuldorligini oshirish, qum koʻchishini oldini olish 
va ularni mustahkamlash, hududlarda choʻllanishga qarshi daraxt va butalar ekish tadbirlarini amalga oshirish;
suvni asrovchi oʻrmonlarni, daraxtzor yerlarni, aholi yashash joylari atrofidagi koʻkalamzorlashgan hududlarni hamda iqlimni tartibga solish, sanitariya-gigiyena, sogʻlomlashtirish va boshqa himoya funktsiyalarini bajaruvchi boshqa daraxtzorlarni saqlash va ularning holatini yaxshilash tadbirlarini ishlab chiqish va uni amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligi korxonalari va boshqa yerdan foydalanuvchilar hududida shuningdek, togʻ yonbagʻirlarida (terrasa), jarliklarda, qiyaliklarda, yaroqsiz holdagi qazilmalar boʻlgan joylarda, tashlandiq yerlarda shartnoma asosida ihota daraxtzorlari barpo etish hamda markazlashgan manbalar hisobidan yangi qurilayotgan, rekonstruktsiya qilinayotgan yoʻllar, bino va inshootlar atroflarini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish va mazkur ishlarni amalga oshirishni tashkil etish;
d) oʻrmon fondini, fauna va florasini oʻrganish hamda ularning qatʼiy hisobini yuritish, oʻrmon xoʻjaligini yuritish amaliyotiga fan yutuqlari
 va ilgʻor tajribani joriy etish sohasida:
oʻrmon fondida manzarali, mevali va yongʻoq mevali oʻsimliklar koʻchatchiligini rivojlantirish, koʻchatlar oʻstirishning ilmiy asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalari ishlab chiqilishi va joriy etilishini tashkil qilish;
oʻrmon fondi hududida oʻsimlik va hayvonot dunyosi obʼektlarining qatʼiy hisobini hamda davlat oʻrmon kadastrini yuritish;
tizim xoʻjaliklarida oʻsimlik va hayvonot dunyosini qayta tiklash, koʻpaytirish va ulardan foydalanish maqsadida plantatsiya va pitomniklar tashkil etish;
mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda oʻrmon fondida manzarali, dorivor, texnik va ozuqabop oʻsimliklarni rayonlashtirish boʻyicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish; 
manzarali oʻsimliklarni oʻstirish maqsadida turli xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga ilmiy-metodik va ishlab chiqarish yordamini koʻrsatish;
oʻrmon fondi hududida texnik, dorivor va ozuqabop oʻsimliklar dehqonchiligini va ularni yigʻish, tayyorlash borasidagi ilmiy va amaliy ishlarni muvofiqlashtirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor va ozuqabop oʻsimliklarning tarqalish hududini 
va mavjud resurslarini oʻrganish, ularni yigʻish va tayyorlashning maqbul miqdorini tavsiya etish;
oʻrmon xoʻjaliklarida ishlab chiqarishni kompleks mexanizatsiyalash 
va avtomatlashtirish tadbirlarini amalga oshirish, sohaga yuqori samarali resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish;
oʻrmon fondi yerlarida chet el jismoniy va yuridik shaxslari uchun 
ov qilishni tashkillashtirish, mazkur sohaga oid chora-tadbirlar ishlab chiqish 
va amalga oshirish;
ye) oʻrmonlarni yongʻinlardan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va boshqa oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishlaridan muhofaza qilish sohasida:
oʻrmonlarni yongʻindan, daraxtlarni oʻzboshimchalik bilan kesishdan 
va oʻrmonga zarar yetkazadigan boshqa xatti-harakatlardan muhofaza qilishni hamda oʻrmonlar patologiyasini oʻrganish natijalariga koʻra oʻrmon zararkunandalari, kasalliklarini hisobga olish, ularga qarshi kurashishni tashkil etish;
j) manzarali oʻsimliklar koʻchatlari va urugʻlarini sertifikatlash 
va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilishni tashkil etish sohasida:
manzarali oʻsimliklar koʻchatlarini sertifikatlash 
va standartlashtirishning yagona tizimini tashkil etish, chetdan olib kelinadigan koʻchatlarga sertifikatlar berish mexanizmi ishlab chiqilishi 
va joriy etilishini taʼminlash;
z) oʻrmon xoʻjaliklarida bir-biriga bogʻliq boʻlgan xoʻjalik faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish, koʻchat yetishtirish, dorivor oʻsimliklar toʻplash, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni chuqur qayta ishlash, xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish sohasida:
selektsion oʻrmon urugʻchiligi bazalarini tashkil etish, dorivor, ozuqabop va texnik oʻsimliklar urugʻlarini tayyorlash, shuningdek oʻz ehtiyojlari va boshqa isteʼmolchilarning talablarini qondirish uchun yuqori navli koʻchat va urugʻlar yetishtirilishini taʼminlash;
yogʻoch-taxta tayyorlashni, shuningdek xoʻjaliklarda yogʻochga ishlov berish, minitsexlar tashkil etish, yogʻoch chiqindilaridan xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni, oʻrmonlarda qoʻshimcha ravishda foydalaniladigan mahsulotlar tayyorlashni tashkil etish;
oʻrmondan qoʻshimcha foydalanishdan olinadigan mahsulotlarni qayta ishlash uchun kichik ishlab chiqarish tsexlarini tashkil etish, ushbu sohani rivojlantirish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan hollarda 
va tartibda tijorat tashkilotlari tashkil etish;
oʻrmon fondi yerlarida qishloq xoʻjaligi va dorivor ekinlar, mevali 
va yongʻoq mevali daraxtlarning hosildorligi oshirilishini, mahsulotlar yetishtirish boʻyicha tuzilgan shartnomalarning bajarilishini nazorat qilish;
i) tarmoqqa xalqaro moliya institutlari grantlarini jalb etish 
va ekologik turizmni keng koʻlamda rivojlantirish sohasida:
oʻrmon fondi hududida ekoturizmni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi (ekoturizm yoʻnalish (marshrut)larini, ekoturistik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha narxlar)ni ishlab chiqish va uning ijrosini taʼminlash; 
oʻrmon xoʻjaligi sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, eksport-import ishlarini tashkil etishga koʻmaklashish, sohaga xalqaro va boshqa moliya institutlarining grant mablagʻlari hamda investitsiyalarini jalb qilish, fan yutuqlari va ilgʻor tajribalarni oʻrmon xoʻjaligini yuritish amaliyotiga joriy etish;
k) oʻrmon xoʻjaligi sohasida oʻrta maxsus va oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish sohasida:
oʻrmon xoʻjaligi sohasida kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashish, zaxirasini yaratish, rahbar xodimlar va muayyan malaka talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning ishlab chiqarish amaliyotiga bogʻliq holda malakasini oshirishni tashkil etish.
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajarishi mumkin.

 

3-bob. Qoʻmitaning huquqlari va javobgarligi
 

12. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifa va funktsiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va boshqa tashkilotlardan oʻrmon xoʻjaligini yuritish, oʻrmonlarni muhofaza va himoya qilish hamda oʻrmon resurslaridan foydalanish sohasiga oid masalalar boʻyicha maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrab olish;
tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan kelishgan holda soha mutaxassislarini ovchilik, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish va faoliyat koʻrsatishi yuzasidan oʻrmon xoʻjaliklari bilan bogʻliq boʻlgan alohida masalalarni ishlab chiqishga va ekspertizalar oʻtkazishga shartnoma asosida jalb etish;
davlat oʻrmon fondi yerlarida oʻrmonlarning davlat monitoringini, davlat oʻrmon kadastrini, oʻrmonlarning davlat hisobini yuritishni hamda oʻsimlik 
va hayvonot dunyosi obʼektlarining qatʼiy hisobini belgilangan tartibda olib borilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini yuritishda ishtirok etish;
jismoniy va yuridik shaxslarga davlat oʻrmon fondi yerlarida oʻsimlik dunyosi obʼektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish;
jismoniy shaxslarga tabiatni muhofaza qilish organlari tomonidan beriladigan yovvoyi hayvonlarni tutish ruxsatnomasi doirasida hayvonot dunyosi obʼektlaridan foydalanishga ruxsatnoma (yoʻllanma, hayvonlarni tutish varaqasi) berish;
davlat oʻrmon fondidan jismoniy va yuridik shaxslarga pichan oʻrish, chorva mollarini oʻtlatish (boqish) hamda asalari uyalari va qutilarini joylashtirishga uchastkalar ajratishga ruxsatnomalar berish;
davlat oʻrmon fondi yerlarida oʻsimlik va hayvonot dunyosi obʼektlarini muhofaza qilish, qayta tiklash maqsadlarida biotexnik tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash;
davlat oʻrmon fondi yerlarida oʻrmonni muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida idoraviy nazoratni amalga oshirish;
oʻrmon fondi hududlarida sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma yoki dalolatnomalar tuzish, huquqbuzarlarga nisbatan jarimalar (davlat qoʻriqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalari, tabiat bogʻlari va davlat biosfera rezervatlarida) qoʻllash;
oʻrmon, oʻsimlik va hayvonot dunyosi obʼektlarini muhofaza qilish 
va undan foydalanish sohasida huquqbuzarlardan tabiatga yetkazilgan zarar summalarini undirish va huquqbuzarlarga nisbatan sudda yoki huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ishning koʻrib chiqilishida qatnashish;
jismoniy va yuridik shaxslarga oʻrmon xoʻjaligini yuritishga doir qonun hujjatlari buzilishini, oʻrmonlarni muhofaza qilish va himoya qilish, oʻrmon resurslaridan foydalanishdagi nuqsonlarni bartaraf etish toʻgʻrisida yozma koʻrsatmalar berish;
oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga sohaga oid kadrlar zaxirasini tayyorlash uchun buyurtma va yoʻllanmalar berish; 
belgilangan tartibda markaziy apparat va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlarning daromadlar va xarajatlar smetasi, shtat jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish va undan foydalanishni tashkil etish;
qoʻmita xodimlarini mehnatiga haq toʻlash, ragʻbatlantirish, mukofotlash va boshqa ragʻbatlantirishlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish;
Qoʻmita tizimi faoliyatiga oid noshirlik faoliyatini amalga oshirish.
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Qoʻmita oʻz vakolatlari doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqli.
Qoʻmita, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari 
va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa turdagi hujjatlarni chiqarishga haqli.
14. Qoʻmita va uning mansabdor shaxslari oʻzlariga yuklangan vazifalar 
va funktsiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradilar.

 

4-bob. Qoʻmita faoliyatini tashkil etish
 

15. Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan 
va lavozimdan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi.
Qoʻmita raisining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi oʻrinbosari 
va oʻrinbosarlari boʻladi.
Qoʻmita raisi maqomi boʻyicha vazirga, raisning birinchi oʻrinbosari vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari esa vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
16. Qoʻmita raisi:
Qoʻmita faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Qoʻmita nomidan vakillik qiladi yoxud Qoʻmita nomidan ishonchnoma va (yoki) vakolatlar beradi; 
belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida Qoʻmitaning markaziy apparati va hududiy boshqarmalarining shtat jadvalini, shuningdek Qoʻmitaning markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari va Qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Qoʻmitaga ajratilgan moliyaviy va moddiy mablagʻlarni belgilangan tartibda tasarruf etadi;
belgilangan tartibda markaziy apparat, Qoʻmita tizimiga kiruvchi respublika tashkilotlari va hududiy boshqarmalar tuzilmasi va nizomlarini, shuningdek tizimga kiruvchi tashkilotlar ustavlarini tasdiqlaydi;
belgilangan tartibda Qoʻmita markaziy apparati xodimlarini, hududiy boshqarmalar, Qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi, rais oʻrinbosarlarining, Qoʻmitaning, Qoʻmita hududiy boshqarmalari va Qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarlik darajasini belgilaydi;
zarur boʻlganda markaziy apparatning, hududiy boshqarmalar va oʻrmon xoʻjaliklarining tuzilmasiga xodimlarning cheklangan umumiy shtatlar soniga muvofiq oʻzgartirishlar kiritadi;
Qoʻmita, hududiy boshqarmalar va Qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
qoʻmita tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish 
va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etadi, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni faxriy unvonlar berishga va Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga tavsiya etadi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻladi.
17. Qoʻmita raisining oʻrinbosarlari:
Qoʻmita nazoratidagi boʻlinmalarga bevosita rahbarlik qiladilar 
va Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar;
Qoʻmita raisi tomonidan oʻzlariga yuklangan boshqa funktsiyalarni amalga oshiradilar. 
18. Quyidagilarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish: 
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi raisini – Qoʻmita raisi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan;
Viloyatlar boshqarmalari boshliqlari va davlat oʻrmon xoʻjaliklari direktorlarini – tegishli viloyatlar hokimlari bilan kelishgan holda Qoʻmita raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Hududiy boshqarmalar Qoʻmitaga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hisobot beradi.
19. Qoʻmitada uning asosiy faoliyat yoʻnalishlarini muvofiqlashtiradigan, Qoʻmita raisi (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari, shuningdek Qoʻmita markaziy apparati boʻlinmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi raisi, viloyatlar oʻrmon xoʻjaliklari boshqarmalari, tizimga kiruvchi tashkilotlarning rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼat aʼzolarining soni va shaxsiy tarkibi Qoʻmita raisining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Hayʼat tomonidan quyidagilar bilan bogʻliq boʻlgan masalalar koʻrib chiqiladi:
Qoʻmitaning mazkur nizomda nazarda tutilgan faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
kadrlarni Qoʻmita nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga tanlash, 
joy-joyiga qoʻyish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va Qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarining har chorak yakunlari boʻyicha hisobotlarini eshitish;
Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi taʼminlanishi uchun shaxsiy masʼuliyatini oshirish.
Hayʼat Qoʻmita vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishi mumkin.
21. Hayʼat majlislariga boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Qoʻmita vakolatlariga kiruvchi masalalarga aloqador boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif qilinishi mumkin.
Majlisda Hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi hozir boʻlganda Hayʼat majlisi vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
22. Hayʼat tomonidan qabul qilingan qarorlar Qoʻmita qarorlari 
va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Qoʻmita raisi va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda rais mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, bunda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga xabar qilinadi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikrlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga maʼlum qilishlari mumkin. 
Hayʼat faoliyati tartibi hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi. 
Hayʼat majlislari, qoida tariqasida, har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
23. Qoʻmita huzurida ilmiy-texnik Kengash tuziladi. Ilmiy-texnik Kengash toʻgʻrisida nizom va uning shaxsiy tarkibi qoʻmita Hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.

5-bob. Qoʻmita tizimini moliyalashtirish va xodimlarini 
moddiy ragʻbatlantirish

 

24. Qoʻmita tizimi quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
Qoʻmitaning markaziy apparati – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar;
hududiy boshqarmalar – Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar;
davlat qoʻriqxonalari, milliy tabiiy bogʻlar va ovchilik xoʻjaliklari boshqarmasi hamda davlat oʻrmon xoʻjaliklari – Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari, byudjetdan tashqari mablagʻlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar;
Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti – Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari, grantlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar;
“Oʻrmonloyiha” davlat unitar korxonasi, “Shifobaxsh” dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi – byudjetdan tashqari mablagʻlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar;
Oʻrmon va dorivor oʻsimliklar urugʻchiligi tahlil markazi – Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar;
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi – Toshkent viloyati mahalliy byudjeti mablagʻlari, byudjetdan tashqari mablagʻlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
25. Qoʻmita xodimlari Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi xodimlari Toshkent viloyati mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan namunadagi kiyim-bosh bilan taʼminlanadilar.
26. Oʻrmon inspektorlari, yegerlar, davlat qoʻriqxonalari, milliy tabiat bogʻi, davlat biosfera qoʻriqxonasi, biosfera rezervatlari inspektorlari xizmatni oʻtash davrida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat quroli, uning oʻq-dorilari va maxsus vositalar, raqamli jeton, durbin, avto-moto yoki ot-ulov, qonunchilik hujjatlari toʻplami, bayonnoma blankalari va uni roʻyxatga olish kitobi va xizmatga zarur boshqa inventarlar bilan taʼminlanadilar.
27. Qoʻmita qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soha xodimlarining hayotini sugʻurtalash, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshiradi.
28. Xodimlarning ish haqi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar va ustamalar, ragʻbatlantirish toʻlovlari, shuningdek qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlaridan iborat boʻladi.

 

6-bob. Yakunlovchi qoida
 

29. Qoʻmitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 

 

 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 19°

Namlik 33% Shamol 5.54 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (28)