Prezident chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qildi

Hamma vaqtlarda ham chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish xalqimizni arzon va sifatli go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.

Shu bilan birga, hududlardagi ishlarning hozirgi holati mazkur tarmoq korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ozuqa bazasini ko‘paytirish, naslchilikni yaxshilash, shu jumladan, sun’iy urug‘lantirishni rivojlantirish va naslchilik xo‘jaliklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida aniq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Mana shu jihatlarni inobatga olgan holda, xalqimizning chorvachilikni rivojlantirish borasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ushbu tarmoqda ilmiy yondashuvlar va ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop chorva mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yanada rag‘batlantirish, pirovardida aholi farovonligini yuksaltirish va daromadlarini ko‘paytirish maqsadida Prezident qarori ishlab chiqildi.

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini chorvachilik fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga (keyingi o‘rinlarda – ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar deb yuritiladi) ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan bir qator takliflari ma’qullandi.

Taklifga binoan, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi.

Bunda subsidiya xarajatlari 2019 yilda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan, 2020 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga ajratiladigan kreditlarning valyuta turidan qat’iy nazar bir gektarga ekvivalenti 20 million so‘mdan oshmaydigan qismi bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq kredit stavkasining 10 foizlik punktidan oshmagan miqdorda qoplanadi.


Sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulash uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mazkur quduqlarni burg‘ulash loyihalariga ekologik ekspertiza xulosalari hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan gidrogeologik xulosalar beriladi.

Qarorda shuningdek, chorvachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini 2 yil muddatda haqiqiy daromad manbaiga aylantirish sharti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga berilishi belgilandi.

Mazkur fuqarolarga qarorga muvofiq ajratilgan yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hamda naslli chorva moli sotib olish uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 14°

Namlik 90% Shamol 4.84 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (124)