O‘zbekistonda yana bir ko‘krak nishoni ta’sis etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi. Hujjat bilan “Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi mumkin.

“Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan davlat organlari va tashkilotlar xodimlari aholining huquqiy savodxonligini oshirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun taqdirlanadilar.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlar xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar har yili 1 oktyabrga qadar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga taqdim etiladi.

Respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlar o‘z xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni har yili 1 oktyabrga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi.

Nomzod bo‘yicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzodning ob’ektivkasi, so‘nggi uch yil davomida u tomonidan jamiyatda huquqiy ong
va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ijobiy ishlar taqdim etiladi.

Hududiy adliya organlari tomonidan nomzodlar bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar belgilangan tartibda o‘rganib chiqiladi va nomzodlar yuzasidan xulosalar har yili 20 oktyabrga qadar vazirlikka taqdim etiladi.

Hududiy adliya organlari rahbarlari o‘z tashabbusiga ko‘ra ham nomzodlar to‘g‘risida har yili 20 oktyabrga qadar vazirlikka taklif kiritishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Komissiya tashkil etiladi.

Komissiya yig‘ilishida nomzodlar bo‘yicha hujjatlar o‘rganilib, har yili 20 noyabrga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining adliya vaziri o‘z tashabbusi bilan ham davlat organlari va tashkilotlar xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlashi mumkin.

Komissiya tomonidan nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda ularning aholi huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qo‘shgan hissasi, bu boradagi faolligi, ommaviy axborot vositalarida chiqishlari soni va ularning samaradorligi inobatga olinadi.

Bunda huquqiy madaniyatni targ‘ib qilishga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan videoroliklarning tayyorlanganligi, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni targ‘ib qilish bo‘yicha turli innovatsion samarali uslublarning ishlab chiqilishi nomzodda ustunlik kasb etadi.

Komissiya xulosasi asosida adliya vazirining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i har yili 1 dekabrga qadar chiqariladi.

Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi har yili 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni bayrami arafasida adliya vaziri (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar ro‘yxati vazirlikning Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida va boshqa axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi.

Biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan topshiriladi.

Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 16°

Namlik 66% Shamol 0.48 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (129)