«Yoppasiga hamma joyni tozalasak, nima bo‘ladi?». Toshkentda boshqacha Hasharweek boshlandi

Joriy yilning 11–17 mart kunlari Toshkent shahrida Hasharweek ekologik haftaligi o‘tkaziladi. Bu haqda haftalikning ochilish munosabati bilan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Chiqindi hosil bo‘lishini minimallashtirish masalasiga hukumat, nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolarning e’tiborini qaratish, chiqindilarni saralash madaniyatini shakllantirish maqsadida ilk marotaba tashkil etilayotgan mazkur loyiha doirasida aholi uchun qiziqarli ma’ruzalart taqdim etilishi, fotoko‘rgazmalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Mazkur haftalikni an’anaviy tarzda bo‘lganidek, ko‘chalarni tozalash, ko‘chat o‘tkazish tartibida ham qilish mumkin edi. Lekin biz boshqacha yo‘lni tanladik. Haftalikning asosiy maqsadi odamlarda ekosavodxonlikni shakllantirish, chiqindilarni to‘g‘ri saralash tartibi va buning ahamiyati haqida tushuncha berish hisoblanadi.

Bir hafta yoppasiga hamma joyni tozalasak, nima bo‘ladi? Bir-ikki kundan keyin yana hammasi o‘z holiga qaytadi. Shu bois odamlarni tozalashga undash emas, toza tutish haqida ko‘nikma shakllantirish kerak»​ ​ deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari Bahrom Qo‘chqorov.

 

Loyiha muallifi, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ma’ruzachisi Suna Parkning so‘zlariga ko‘ra, tajriba-sinov loyiha tarzida amalga oshirilayotgan mazkur haftalik keyinchalik ham muntazam ravishda o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

«Loyihani respublikaning boshqa hududlarida ham tashkil etishni rejalashtiryapmiz»​, —​ deya qo‘shimcha qildi u.

Ma’lum qilinishicha, haftalik davomida harakatlar, ma’rifat, san’at va biznes yo‘nalishlari bo‘yicha tadbirlar olib boriladi.

Harakatlar #HasharWeekGo:

– barcha tashkilotlar, muassasalar guruh tarzida yoki fuqarolar yakka tartibda chiqindilarni plastik, qog‘oz, shishaga ajratib saralashlari va maxsus punktlarga topshirishlari mumkin.

Buning uchun hasharweek.uz saytidan mobil ilovani yuklab olish, ro‘yxatdan o‘tish hamda poytaxt bo‘ylab mavjud 21ta chiqindi qabul punkti haqida ma’lumot olib, o‘z hududidagi punktga topshirish kerak bo‘ladi.

Ma’rifat #HasharWeekTalk:

– poytaxtdagi 22ta maktabda interfaol tarzda ochiq darslar o‘tkaziladi;

– Toshkent fotosuratlar uyida ommaviy ochiq ma’ruzalar: «Haddan ortiq iste’mol – 21 asr vabosi»​ (13 mart, soat 18.00da); «Chiqindilar uyni tark etgandan keyingi jarayon»​ (14 mart, soat 18.00da); «Shiddat bilan rivojlanayotgan modaning qorong‘i tomoni»​ (15 mart, soat 18.00da); «Ekoqurilish»​ (16 mart, soat 17.00da).

San’at #HasharWeekArt:

– Toshkent fotosuratlar uyida chiqindilar muammosiga bag‘ishlangan Habitat badiiy ko‘rgazmasi (hafta davomida barcha uchun ochiq).

Biznes #HasharWeekBusiness:

– «O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot: illyuziya yoki haqiqat?»​ mavzusida konferensiya (Hyatt Regency mehmonxonasida 12 mart kuni, soat 09.30-18.00);

– yashil startap loyihalar taqdimoti (Singapur menejmentni rivojlantirish institutida 15 mart kuni, soat 14.00-18.00da);

– «O‘zbekistonning ekoturistik salohiyati»​ mavzusida davra suhbati (Singapur menejmentni rivojlantirish institutida 14 mart kuni, soat 9.00-13.00da).

16 mart kuni Ohangaron chiqindi poligoniga ekotur tashkil etiladi, tur doirasida poligon atrofi hashar yo‘li bilan tozalanadi.

Shuningdek, 12 mart (Botanika bog‘ida) va 17 mart (lokatsiya hasharweek.uz saytida e’lon qilinadi) kunlari tonggi ommaviy yugurish mashg‘uloti va atrofni chiqindilardan tozalash bo‘yicha hashar o‘tkaziladi.

Haftalikning 17 mart kuni soat 12.00da yopilish marosimi doirasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi istirohat bog‘ida gullar festivali va yarmarka tashkil etilishi kutilmoqda

Toshkentda ob-havo

Harorat: 16°

Namlik 60% Shamol 7.59 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (115)