Harbiylar mahallasida bayram taraddudi

Samarqand shahridagi Vatanparvar mahallasida asosan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari istiqomat qiladi. Balki shuning uchundir, bu yerda tartib-qoidalar, aholi turmush tarzi ham harbiylarga xos – qat’iy intizom, doimiy ozodalik, hushyorlikka asoslangan. 

– Mahallamizdagi 1 ming 100 ga yaqin xonadonda 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sherzod Janiyev. – Mahalladoshlarimizning aksariyati Samarqand garnizonidagi oliy harbiy ta’lim muassasasi, serjantlar tayyorlash maktabi, harbiy qismlar va bo‘linmalarda xizmat qiladi. Har bir kishining o‘z kasbi, yumushi bor. Ayrim harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtog‘i yoki farzandi vaqtincha ishsiz bo‘lsa, mahallamizdagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ishga joylashtiramiz. Hududda 10 dan ortiq servis shoxobchasi mavjud. Mahalla markazi joylashgan binoning ikkinchi qavatida tikuv sexi tashkil etilgan. Mazkur kichik korxonada 25 xotin-qiz mehnat qilmoqda. Bu yil sex faoliyatini yanada kengaytirib, 20 dan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Ayollar va erkaklar sartaroshxonasi, "Go‘zallik saloni"da ham mahalla yoshlari doimiy ish bilan band. 

Harbiy sohada xizmat qilib, ayni paytda iste’foga chiqqan faxriylarimiz jamoat ishlari, yoshlar tarbiyasi, hududning obod va saranjom-sarishtaligini ta’minlashda bizga yaqin ko‘makchi. Ular yordamida mahalla markazida mo‘’jaz kutubxona tashkil etganmiz va undan kattayu kichik foydalanib kelmoqda. 

Ana shunday ijtimoiy-ma’naviy muhit, har bir insonning taqdiriga mas’ullik tufayli turli millat vakillaridan iborat mahallada barcha fuqarolar bir oila a’zolaridek ahil-inoq turmush kechiradi. Jinoyatchilik, turli huquqbuzarlik holatlari uchramaydi. Muhimi, bu yerda yashovchi aholi tinchlikning qadr-qimmatini, uning qanday asoslarda, kimlarning zahmatli mehnati evaziga ta’minlanayotganini yaxshi anglaydi. 

Mahallada bitta maktab, bitta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud. Ushbu muassasalarda ta’lim-tarbiya olayotgan o‘g‘il-qizlar ham shu ruhda kamolga yetadi va ularning ko‘pchiligi hayotini harbiy soha bilan bog‘laydi. Shuning uchun ko‘p oilalarda farzandlar ota-ona kasbini tanlab, Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli ishni davom ettirmoqda. 

– Uzoq yillar shu sohada xizmat qilib, iste’foga chiqdim va ayni paytda davlatimiz e’zozida keksalik gashtini suryapman, – deydi A.Merganov. – Uch o‘g‘lim ham mening izimdan borib, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida xizmat qilmoqda. Harbiylikning g‘oyat mashaqqatli ekanini ular mening faoliyatim misolida ko‘rib, his qilib ulg‘aygan bo‘lsalar-da, shu sohani tanlagani, Vatanimizga xizmat qilayotganidan faxrlanaman. Nabiralarimga, mahallamiz yoshlariga harbiylik kasbining sharaf va mas’uliyati haqida gapirib, yurt himoyasi, uning osoyishtaligini ta’minlash shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning burchi ekanini uqtiraman. 

Yurtimizda nishonlanadigan bayram va muhim sanalar ham bu yerda o‘zgacha tantana qilinadi. Ayniqsa, Vatan himoyachilari kunini butun mahallada, har bir xonadonda keng nishonlashga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. Ayni paytda mahallada ushbu bayramga taraddud davom etmoqda. 

Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan tadbirlar "O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!" shiori ostida o‘tkazilayotir. Hududdagi ofitserlar uyi, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, soha faxriylari hamda ilg‘or harbiy xizmatchilar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Yurtimiz chegaralari daxlsizligi, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik monumenti o‘rnatilgan maydonda xotira tadbirlari uyushtirilayotir. Har yilgi an’anaga ko‘ra, harbiy xizmatchilar oilalari o‘rtasida “Namunali harbiylar oilasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Harbiylar va ularning oila a’zolari uchun adabiy-badiiy kechalar, konsert dasturlari namoyish etish, oilaviy sport musobaqalari o‘tkazish rejalashtirilgan. 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA

Toshkentda ob-havo

Harorat: 11°

Namlik 67% Shamol 5.14 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (14)