29 dekabr kuni mamlakatimizning barcha hududlarida “Prezident archasi” tantanalari boshlandi

Mamlakatimizda bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida e’zozlanadi. Hademay tarix sahifasiga muhrlanadigan 2016 yil – Sog‘lom ona va bola yilida ertamiz egalarini har tomonlama kamolga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yosh avlodni turli yot g‘oyalar, mafkuraviy tahdidlardan ishonchli himoyalash, ularning bilim va ma’naviyatini yanada boyitishga qaratilgan ko‘plab ma’rifiy loyihalar, amaliy chora-tadbirlar hayotga keng tatbiq etilmoqda. 

Imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-onasiz yoki ularning qarovisiz qolgan bolalarga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Har yili Yangi yil bayrami arafasida bu saxovat va mehr nishonalari yana bir bor bo‘y ko‘rsatadi dillarda. Kamalakrang chiroqlar bilan bezalgan archa atrofida bayram tantanalari tashkil etilib, bolajonlarga “Prezident sovg‘asi”ning ulashilishi bu boradagi ishlarning yorqin ifodasidir. 

Yangi – 2017 yil arafasida ham 12 nomdagi o‘quv qurollari va turfa shirinliklardan tayyorlangan “Prezident sovg‘asi” mamlakatimizning barcha hududlarida uyushtirilayotgan “Prezident archasi” tantanalarida orziqqan yuraklarni shodliklarga to‘ldirmoqda. 

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Sen yolg’iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan “Prezident archasi” bayram tadbiri shukuhli va esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. Unda Mehribonlik uylari, SOS – bolalar mahallasi, maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan oilalar hamda Vatanimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lida halok bo‘lganlarning farzandlari ishtirok etdi.

Saroy foyesida bayramona o‘yinchoq va chiroqlar bilan bezatilgan archa atrofida Qorboboyu Qorqiz, turli ertak qahramonlari, taniqli san’atkorlar bir-biridan bejirim liboslar kiyib, bayramga oshiqqan bolajonlarni va mehmonlarni xushnudlik bilan kutib oldi. Bu yerda yangragan kuy-qo‘shiqlar, ertak qahramonlarining hazil-mutoyibalari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. 

– Jonajon Vatanimizda har bir inson aziz, uning qadr-qimmati yuksak. Shunga monand xalqimizning mehri daryo, saxovati ummon. Ayniqsa, farzandlarga mehr-muhabbat ko‘rsatish azaliy qadriyatimiz, – deydi A.Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyi direktori Shahri Berdiyeva. – “Prezident archasi” bayram tantanalarida ham xalqimizning ana shunday insonparvarlik, mehr-oqibatlilik kabi ezgu fazilatlari yana bir bor namoyon bo‘ladi. Bu tadbir bolalarga quvonch, bir umrga unutilmas xotiralar tuhfa etadi. 

...Chorlov musiqasi bolajonlarni ajoyib ertak-spektakl tomoshasiga chorlaydi. “Tomosha” bolalar ijodiy studiyasi tomonidan “Mo‘’jizalar olami” sahnalashtirilgan musiqiy chiqishi bayram qatnashchilari e’tiboriga havola etildi. Qiziqarli sarguzashtlarga boy voqealar, kuy-qo‘shiqlar, raqslarni o‘zida jamlagan sahna ko‘rinishi asnosida kichkintoylar ahillik, hamjihatlik, mehnatsevarlik, halollik, kattalarga hurmat, aql, odob insonga ziynat bag‘ishlovchi fazilatlar ekanining guvohi bo‘ldi.

Tadbir nihoyasida barcha bolalar, yosh ijrochilar, bayram ishtirokchilari jo‘rlikda “Prezident archasi” qo‘shig‘ini ijro etdi. Prezidentimizning o‘quv qurollari, kitoblar, turfa shirinliklardan iborat sovg‘alari kichkintoylarga topshirildi. 

– Yangi yil bayrami biz, bolalar uchun bayramlar ichida eng zavqlisi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi SOS – bolalar mahallasi tarbiyalanuvchisi Sarvar Mahmudov. – Shu bois uni o‘zgacha kayfiyat bilan, she’rlar yod olib, bayramona kiyinib, intizor kutamiz. Ushbu muhtasham saroyda “Prezident archasi” tantanasi uyushtirilib, bizga sovg‘alar berilishi bayram zavqini yanada oshiradi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan xursandmiz. 

“Prezident archasi” bayram tantanalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda bo‘lib o‘tmoqda. 

Toshkentda ob-havo

Harorat: -4°

Namlik 87% Shamol 2.32 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (42)