Nurota tumanida intensiv pista plantatsiyalari barpo etiladi

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida Nurota tumanida 10 ming gektar lalmi yerda tashkil etiladigan intensiv pista plantatsiyalari loyihasi bilan tanishdi. Davlat rahbariga uning afzalliklari haqida batafsil ma`lumot berildi. Qiymati 21 milliard so'mlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida 850 kishi doimiy ish bilan ta`minlanadi. 

Ma`lum qilinishicha, O'zbekistonda mavjud texnologiyalar asosida ekilgan pista 11-12 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxtdan 200-300 gramm hosil olish mumkin. Yangi plantatsiyalarni takomillashgan texnologiya asosida barpo etish ko'zda tutilgan. Ya`ni, ko'chatxonada o'stirilgan niholga ikkinchi yil navdor pistalardan olingan kurtak payvand qilinadi. Uchinchi yildan uni ochiq maydonda ekish mumkin. Ushbu texnologiyada ekilgan pista 7-8 yilda hosilga kiradi. Uning bir tupidan 1,5-2 kilogramm pista olish mumkin. 

«Qishloq xo'jaligiga ilmiy yondashmay qo'yganimiz bois, ko'plab ekinlardan kutilgan darajada hosil ololmayapmiz. Bundan buyon sohaga ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, ekinni ekishdan boshlab, uni yig'ib-terib olishgacha olimlar bilan hamkorlikda ish olib borish kerak. Hosildorlik qancha yuqori, eksportbop bo'lsa, dehqon boyiydi. Bizning asosiy maqsadimiz ham shu», - degan Prezident.

Pista plantatsiyalari 2018-2021 yillar davomida barpo etiladi. 

Davlat rahbariga O'zbekiston kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ishlab chiqqan gidrogel moddasi haqida ham ma`lumot berildi. Ushbu modda o'simlik o'sishi va rivojlanishini jadallashtirishga xizmat qiladi. Gidrogel yomg'ir suvini va o'simlikka berilgan o'g'itni saqlaydi. Suvni 50 foizgacha tejashga yordam beradi. 

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida cho'l o'rmonchiligini rivojlantirish ilmiy markazini tashkil etish, Xatirchi tumani O'zbekiston massivida bog' va zamonaviy issiqxona barpo etish, meva-sabzavotni qayta ishlash, Navbahor tumanida tomchilatib sug'orish usulida bodom va pista plantatsiyalari ochish, qorako'lchilik, tivit junli echkilarni ko'paytirish, 2018-2019 yillarda viloyatda oziq-ovqat ta`minotini ravnaq toptirish va qator boshqa yo'nalishlarga oid istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Ularni o'z vaqtida sifatli bajarish yuzasidan topshiriq va ko'rsatmalar berdi. 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 24°

Namlik 39% Shamol 6.08 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (39)