Og‘zaki va yozma shaklda axborot taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi yo`riqnoma

Axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovlari asosida og‘zaki va yozma shaklda axborot taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi
YO‘RIQNOMA

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi qonuniga muvofiq, axborotdan foydalanuvchilarga qo‘mitaning faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etilishi haqidagi so‘rovlar bilan O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida murojaat etish, shuningdek, ularga davlat tilida javoblar olish huquqi ta’minlanadi. Axborotdan foydalanuvchilarning boshqa tillarda ham murojaat etish va javob olish huquqi ta’minlanadi.

II. Murojaatlarni ko‘rib chiqish

3. Qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalarining faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etilishi haqida belgilangan tartibda berilgan so‘rovlar albatta ko‘rib chiqilishi kerak.
4. Axborotdan foydalanuvchilarning qo‘mita faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etilishi haqidagi so‘rovlarini ko‘rib chiqish qo‘mita rahbariyati rezolyutsiyasida belgilangan tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi, shuningdek, axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovlari bo‘yicha taqdim etiladigan tahliliy materiallarning o‘z vaqtida taqdim etilishi va sifati uchun shaxsan javobgardir.
6. Axborotdan foydalanuvchi qo‘mitaning faoliyati haqidagi so‘rov bilan ham bevosita, ham qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatlari rasmiylashtiriladigan o‘z vakili orqali og‘zaki yoki yozma (shu jumladan, elektron shaklda) murojaat etish huquqiga ega.
7. Axborotdan foydalanuvchining so‘rovi agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, u ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n besh kundan oshmagan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.
Ommaviy axborot vositalarining qo‘mitaning faoliyati to‘g‘risida axborot olish uchun so‘rovi, shuningdek, mansabdor shaxslar bilan suhbat (intervьyu) tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi etti kundan oshmaydigan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Agar so‘rov qo‘mitaning vakolatiga taalluqli bo‘lmasa, u so‘rovni ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran uch kun ichida so‘ralayotgan axborotni berish qaysi organ vakolatiga kiritilgan bo‘lsa, shu organga yuboradi va bu haqda foydalanuvchini xabardor qiladi.
Agar qo‘mita olingan so‘rov bo‘yicha boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organining vakolati haqida ma’lumotlarga ega bo‘lmasa, unda so‘rov ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran uch kun ichida foydalanuvchiga tegishli javob yo‘llanadi.
8. Foydalanuvchining qo‘mitaning faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etish haqidagi so‘rovi rad etilgan taqdirda, foydalanuvchiga rad etish sabablari asoslantirilgan holda tegishli javob yo‘llanadi.
9. Jismoniy shaxsning so‘rovida fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi, so‘rovning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak. Yuridik shaxsning so‘rovida mazkur so‘rovni amalga oshirayotgan tashkilotning nomi, yuridik manzili, mansabdor shaxsining familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari ko‘rsatilishi, so‘rovning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.
Axborotdan foydalanuvchining yuqorida ko‘rsatilgan, shaxsini bilish imkoniyatini beruvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmagan so‘rov anonim hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.
So‘rov qo‘mita nomiga yoki uning so‘rovda qo‘yilgan masalalar yuzasidan axborot berish vakolatiga kiradigan mansabdor shaxsi nomiga yo‘llanadi.
Belgilangan tartibda berilgan so‘rov ko‘rib chiqilishi shart.
10. Axborotdan foydalanuvchilarning qo‘mitaning faoliyati to‘g‘risidagi so‘rovlarini ko‘rib chiqish chog‘ida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini kamsituvchi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

III. Fuqarolarning yozma murojaatlarini qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish

11. Axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovlari bo‘yicha amalga oshiriladigan ishni yuritish qo‘mita Devonxona tomonidan ish yuritishning boshqa turlaridan alohida yuritiladi.
12. Qo‘mitaga axborot foydalanuvchilaridan ularning faoliyati yuzasidan tushadigan barcha so‘rovlar Devonxona tomonidan qabul qilinadi va ular tushgan kuni maxsus jurnalda ro‘yxatga olinadi.
13. Axborotdan foydalanuvchining ayni bir shaxsdan va ayni o‘sha masala bo‘yicha tushgan so‘rovi, agar birinchi so‘rov berilgan vaqtdan e’tiboran qonunda belgilangan tartibida so‘rovga javob berish muddati o‘tgan bo‘lsa yoki axborotdan foydalanuvchi o‘ziga berilgan javobdan qanoatlanmagan bo‘lsa, takroriy deb hisoblanishi kerak.
Takroriy so‘rovga u tushgan paytda navbatdagi ro‘yxatga olish indeksi beriladi, ro‘yxatga olish-nazorat yozuvining tegishli ustunida «takroriy» degan belgi qo‘yiladi.
14. So‘rovlar rahbariyat tomonidan ko‘rib chiqilganidan keyin, Devonxona tomonidan ro‘yxatga olish-nazorat kartochkasiga tegishli belgi qo‘yilgan holda mas’ul ijrochilarga topshiriladi.
15. Agar axborot olishga doir so‘rovni ko‘rib chiqish bir necha shaxsga topshirilsa, unda rezolyutsiyada birinchi ko‘rsatilgan mansabdor shaxs mas’ul ijrochi hisoblanadi.

IV. Axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovlari harakati va ko‘rib chiqilishi ustidan nazorat qilish

16. Axborot taqdim etish haqidagi so‘rovlarni ko‘rib chiqish so‘rovni amalga oshirayotgan axborotdan foydalanuvchiga barcha so‘ralayotgan axborot taqdim etilganidan va ular ko‘rib chiqish uchun topshiriq bergan rahbarning nazoratidan chiqarilgandan keyingina tugallangan deb hisoblanadi.
17. Axborot taqdim etish haqidagi so‘rovlarga javoblarga rahbariiyat rezolyutsiyaga muvofiq bunga vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi.
18. Axborot taqdim etish haqidagi so‘rovga og‘zaki javob berilgan hollarda ro‘yxatga olish kartochkasiga tegishli yozuv yozib qo‘yiladi.
19. Ko‘rib chiqish materiallari asosida mas’ul ijrochi yoki nazoratni amalga oshiruvchi shaxs ko‘rib chiqish natijalari haqida so‘rovni ko‘rib chiqish haqida topshiriq bergan rahbarga nazoratdan chiqarish uchun ma’lumot beradi.
Ko‘rib chiqishga doir barcha materiallar tizimlashtirish va arxivda saqlashini tashkil etish uchun Devonxonaga topshiriladi.

V. Axborotdan foydalanuvchilarni shaxsan qabul qilish

20. Axborotdan foydalanuvchilarni qo‘mita rahbariyati, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, bu ishga vakolat berilgan mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan jadvalga muvofiq kunlar va soatlarda amalga oshiriladi.
21. Axborotdan foydalanuvchilarni qabul qilish amalga oshirilganligi haqidagi ma’lumotlar maxsus jurnalda qayd etib boriladi.
 

 

Toshkentda ob-havo

Harorat: -2°

Namlik 85% Shamol 4.09 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (29)