O‘zbekistonda limon va yong‘oq plantatsiyalari barpo etiladi

Toshkent davlat agrar universitetida «O‘zbekistonda resurstejamkor, ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llab limon, yong‘oq va yong‘oq mevali o‘simliklar ko‘chatlarini yetishtirish, plantatsiyalar barpo qilish: muammolar va yechimlar» mavzuida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda jahonda limon, yong‘oq va yong‘oq mevalar iste’moliga talab oshganligi, ularning hosildorligini oshirish borasida Toshkent davlat agrar universiteti va Respublika manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi olimlari keng qamrovli ilmiy-tadqiqot olib borayotgani qayd etildi. Ushbu yo‘nalishda Toshkent davlat agrar universiteti olimlari va O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi, Respublika manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi olimlari, akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti muassasalari birgalikda hamkorlik qilmoqda.

Mamlakatimizda bodomzorlar barpo qilish va parvarishlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilib, ularning natijalari amaliyotga joriy etilmoqda. Xandon pistaning mahalliy nav va shakllari plantatsiya sharoitida o‘sish va rivojlanishi, mevaning sifat ko‘rsatkichlari va hosildorligi seleksion baholanib, lalmi hududlarda plantatsiyalar barpo etish choralari ko‘rilmoqda. 

-Ushbu ilmiy amaliy seminardan koʻzlangan maqsad xalqimizning limon va yongʻoq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishdir. Chunki bu mevalarni isteʼmol qilish inson salomatligi uchun juda foydali hisoblanadi. Yongʻoqni oʻsish mintaqalarini hisobga oladigan boʻlsak, kelajakda Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining togʻ va togʻ oldi hududlarida, Fargʻona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, respublikamizning boshqa ayrim shartli sugʻoriladigan hududlarida minglab gektar maydonlarda yongʻoqzorlar tashkil qilish imkoniyatlari mavjud - deydi O`rmon xo`jaligi bosh boshqarmasi boshlig`i S.Ergashev.

Limon, yong‘oq va yong‘oq mevalilarning zararkunanda va kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida ekologik bezarar biologik kurash usullari takomillashtirilmoqda.

Seminarda kelgusida limon, yong‘oq, pista yetishtirishning resurstejamkor texnologiyalarini rivojlantirish, keng plantatsiyalar barpo etish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash choralarini yanada kengaytirish borasida kelishib olindi. Tadbir doirasida fermer xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa egalari yetishtirgan mahsulotlarning ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ushbu ilmiy-amaliy seminarda olimlar, o`rmonchilar, professorlar, fermerlar, tadbirkorlar va talabalar ishtirok etishdi. 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 12°

Namlik 72% Shamol 8.27 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (18)